O’TLOQSHUNOSLIK
O’TLOQSHUNOSLIK — o’tloq va yaylovlar haqidagi ta’limot; Geobotanika (biogeosenologiya)ning bir bo’limi; o’tloqchilikning ilmiy asosi. O’tloq xillarini va ularning joylashish qonuniyatlarini aniqlash hamda tavsiflash; o’tloq biogenosenozlarining tarkibi va dinamikasini aniqlash, o’tloq o’simliklarining biologik, ekologik hamda xo’jalik xususiyatlarini o’rganish; yaylov va pichanzorlardan yem-xashak sifatida foydalanish, mavjud zararli va zaharli o’simliklarni, tabiiy o’tloq turlarini o’rganish, o’tloqlarda pasportlashtirish va inventarizatsiya ishlarini tashkil qilish, yaylov turlarini tahlil qilish va boshqalar bilan shug’ullanadi. O’tloqshunoslikning asosiy vazifasi o’t o’simliklardan eng ko’p miqdorda yaylov o’ti, pichan va ozuqa turlarini olish, yem-xashak yetishtirishning tarkibiy qismi tarzida tabiiy pichanzorlar va yaylovlarni yaxshilash, madaniy pichanzor va yaylovlar barpo etish, ulardan oqilona foydalanish bo’yicha choratadbirlarni ham qamraydi. O’tloqshunoslik tarixi juda ko’hna. Uzoq asrlar davomida chorva mollari yil bo’yi o’tloq (yaylov)larda boqilgan (qish oylarida mollar qor ostida qolgan o’tlar poyasi va bargi bilan oziqlangan). 20-asr boshlaridan ayrim mamlakatlarda mollar yozda o’tzor yaylovlarda boqilib, qish davri uchun o’tloqlardan pichan tayyorlashga o’tildi. O’tloqlarni quritish, suvli qilish, yangi o’t turlari va navlarini ekish tadbirlari amalga oshirildi. 1 gektar pichanzor va yaylovlar mahsuldorligi 4-6 ming ozuqa birligiga yetkazildi (sug’orilganda 10 ming dan ortiq). O’zbekistonda O’tloqshunoslik muammolari bo’yicha ilmiy ishlar O’zbekiston chorvachilik; paxtachilik; g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi; qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi ilmiy tekshirish institutlarida; O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti, shuningdek, tajriba stansiyalari, tarmoq oliy o’quv yurtlari kafedralarida olib boriladi.