O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYAVIY SUDI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYAVIY SUDI — konstitutsiyaviy nazorat olib boruvchi oliy sud organi. O’z faoliyatini qonun asosida mustaqil amalga oshiradi. Konstitutsiyaviy sudning vakolati, uning tuzilishi va faoliyati tartibi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 108, 109-moddalari va ―O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to’g’risidagi qonun (1995-yil 30-agust) bilan belgilangan. Konstitutsiyaviy sudning vakolatiga qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko’rish kiradi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, jumladan, quyidagi vakolatlarga ega: qonunlarning va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O’zbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi; Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari O’zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to’g’risida xulosa beradi; O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolat doirasida boshqa ishlarni ham ko’rib chiqadi. Konstitutsiyaviy sud siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan Konstitutsiyaviy sud raisi, rais o’rinbosari va sudyalaridan, shu jumladan, Qoraqalpog’iston Respublikasining vakilidan iborat tarkibda 5 yil muddatga saylanadi. Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Konstitutsiyaviy sud doimiy ishlaydigan organ, uning majlislari zaruratga qarab o’tkaziladi va qoida tarzida ochiq bo’ladi. Konstitutsiyaviy sudning faoliyat ko’rsatishini ta‘minlash uchun uning devoni tuziladi. Konstitutsiyaviy sudning raisi va a’zolari deputat bo’la olmaydilar, siyosiy partiyalar va harakatlarning a’zosi bo’lishlari va boshqa haq to’lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud sudyalari daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Konstitutsiyaviy sudning qarorlari matbuotda e‘lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi. Ular qat‘iy va ular ustidan shikoyat qilish mumkin emas. 1998-yildan boshlab O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Axborotnomasi nashr etiladi.