O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING PREZIDENTI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING PREZIDENTI — O’zbekiston Respublikasida davlat boshlig’i. O‗zbekistonda prezidentlik lavozim sifatida 1990-yil 24 martda ta‘sis etilgan. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti lavozimiga 35 yoshdan kichik bo’lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O’zbekiston hududida muqim yashayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti 5 yil muddatga saylanadi. Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili; O’zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko’radi; mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O’zbekiston Respublikasi nomidan ish ko’radi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo’mondoni hisoblanadi. Qurolli Kuchlarning oliy qo’mondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi. O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini tuzadi. Favqulodda vaziyatlar (real, tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta‘minlashni ko’zlab, mamlakatning butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini 3 kun ichida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig’iga kiritadi. O’zbekiston Respublikasining Prezidentining vakolatlari jumlasiga fuqarolik, siyosiy boshpana berish, O’zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash, afv etish to’g’risidagi hujjatlarni qabul qilish va gunohidan kechishni amalga oshirish kabi masalalarni hal etish kiritilgan. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiya va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo’lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Davlat boshlig’i sifatida O’zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat hokimiyati organlari tizimida muvofiqlashtiruvchi vazifani bajaradi. O’zbekiston Respublikasining Prezidentining ijro etuvchi hokimiyat organlariga nisbatan vakolatlari avvalo uning O’zbekiston Hukumatini tuzishdagi ishtirokida ko’rinadi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a‘zolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi; viloyat hokimlarini hamda Toshkent shahri hokimini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, keyinchalik bu masalalarni tegishli xalq deputatlari Kengashlarining tasdig’iga kiritadi. O’zbekiston Respublikasining Prezidentining shaxsi daxlsizdir va ―O’zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to’g’risida‖gi qonun (2003-yil 25- aprel) bilan muhofaza etiladi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti betobligi sababli o’z vazifasini bajara olmasligi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qo’shma qaroriga ko’ra tuzilgan davlat tibbiy komissiya xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda O’zbekiston Respublikasi Oly Majlisi Senati raisi 3 oy muddatga O’zbekiston Respublikasining Prezidenti vazifasini vaqtincha bajarib turadi. Bu holda 3 oy muddat ichida O’zbekiston Respublikasining Prezidentining umumxalq saylovi o’tkazilishi shart. O’zbekiston Respublikasining Prezidentining davlat qurilishi sohasidagi tajribasidan unumli foydalanish maqsadida vakolati tugashi munosabati bilan iste’foga chiqqan Prezident umrbod Senat a’zosi lavozimini egallashi ko’zda tutilgan.