O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING PREZIDENTI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING PREZIDENTI — O’zbekiston Respublikasida davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshlig’i. O’zbekistonda Prezidentlik lavozim sifatida 1990 yil 24 martda ta’sis etilgan. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga 35 yoshdan kichik bo’lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O’zbekiston hududida muqim yashayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatning 18 yoshga to’lgan fuqarolari umumiy, teng va to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berishi yo’li bilan o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti 7 yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida»gi qonun (1991 yil 18 noyabr) va uning yangi tahririda (2004 yil 3 dekabr) qabul qilingan tegishli moddalarida belgilangan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko’rsatish huquqiga siyosiy partiyalar va bevosita fuqarolar egadirlar. Saylash huquqiga ega bo’lgan fuqaro yoki fuqarolar guruhi O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko’rsatish uchun kamida 300 nafar saylovchidan iborat saylovchilar tashabbuskor guruhini tuzishi kerak. Prezidentlikka nomzodlar ko’rsatish saylovga 65 kun qolganda boshlanadi va 45 kun qolganda tugaydi. Nomzodlar ko’rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari, shuningdek, saylovchilar tashabbuskor guruhi yig’ilishi tomonidan amalga oshiriladi. Prezident saylovida 2 ta nomzod ishtirok etgan takdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning nisbiy ko’pchilik ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 2 tadan ortiq nomzod ishtirok etgan taqdirda, agar nomzodlarning hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko’pining ovozini ololmagan bo’lsa, saylovchilarning ovozini eng ko’p olgan 2 nomzod ishtirokida takroriy ovoz berish o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari to’g’risidagi axborot saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi. Saylangan Prezident O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan 2 oy ichida Oliy Majlis yig’ilishida qasamyod qilgan paytdan boshlab o’z lavozimiga kirishadi. Prezident quyidagicha qasamyod qiladi: «O’zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman». O’zbekiston Respublikasining Prezidentiga, Konstitutsiyaga muvofiq keng va xilmaxil vakolatlar berilgan. Bu vakolatlar davlat hayotining deyarli barcha sohalariga taalluqli bo’lib, mamlakat iqtisodiyoti va umuman jamiyat rivojlanishiga juda katta ta’sir o’tkazadi. Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili; O’zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko’radi; mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O’zbekiston Respublikasi nomidan ish ko’radi. Prezident O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo’mondoni hisoblanadi. Qurolli kuchlarning oliy qo’mondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi. O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini tuzadi. Favqulodda vaziyatlar (Real, tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko’zlab, mamlakatning butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini 3 kun ichida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig’iga kiritadi. Prezidentning vakolatlari jumlasiga fuqarolik, siyosiy boshpana berish, O’zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash, afv etish to’g’risidagi hujjatlarni qabul qilish va gunohidan kechishni amalga oshirish kabi masalalarni hal etish kiritilgan. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiya va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo’lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Davlat boshlig’i sifatida Prezident davlat hokimiyati organlari tizimida muvofiqlashtiruvchi vazifani bajaradi. Prezidentning ijro etuvchi hokimiyat organlariga nisbatan vakolatlari avvalo uning O’zbekiston hukumatini tuzishdagi ishtirokida ko’rinadi. Prezident O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi; viloyat hokimlarini hamda Toshkent shahri hokimini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, keyinchalik bu masalalarni tegishli xalq deputatlari Kengashlarining tasdig’iga kiritadi. Prezident Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki o’z sha’ni va qadr-qimmatiga dog’ tushiradigan hatti-harakat sodir etgan hokimlarni o’z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqdi. U Respublika boshqaruvi organlarining, shuningdek, hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini to’xtatishi, bekor qilishi mumkin. Prezident qabul qiladigan hujjatlar «O’zbekiston Respublikasi Prezidentining xabarnomasi»da, shuningdek, respublika gazetalarida rasman e’lon qilinadi. Prezident o’z vazifasini bajarib turgan davrda boshqa haq to’lanadigan lavozimni egallashi, vakillik organining deputati bo’lishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishi mumkin emas. Prezidentning shaxsi daxlsizdir va «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to’g’risida»gi qonun (2003 yil 25 aprel) bilan muhofaza etiladi. Prezidentning qonuniy faoliyatiga to’sqinlik qilinishiga, shuningdek, uning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazilishiga yo’l qo’yilmaydi va bunday harakatlar tegishli qonunlarga muvofiq javobgarlikka sabab bo’lishi mumkin. Bu qoida iste’foga chiqqan Prezidentga nisbatan ham o’z kuchini saqlab qoladi. Prezident mehnatiga haq to’lash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti betobligi sababli o’z vazifasini bajara olmasligi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qo’shma qaroriga ko’ra tuzilgan davlat tibbiy komissiya xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda 10 kun muddat ichida palatalarning qo’shma favqulodda yig’ilishida deputatlar, senatorlar orasidan 3 oygacha bo’lgan muddatga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi saylanadi. Bu holda 3 oy muddat ichida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining umumxalq saylovi o’tkazilishi shart. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat qurilishi sohasidagi tajribasidan unumli foydalanish maqsadida vakolati tugashi munosabati bilan iste’foga chiqqan Prezident umrbod Senat a’zosi lavozimini egallashi ko’zda tutilgan. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-bobi «O’zbekiston Respublikasining Prezidenti» deb nomlanadi. Bu bob 9 ta moddadan iborat bo’lib, ularda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy huquqiy maqomi belgilab berilgan. Oliy Kengash 12-chaqiriq 1-sessiyasida deputatlar tomonidan O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti lavozimyga N.A.Karimov saylangan edi. «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida»gi qonunga binoan, 1991 yil 29 dekabr va 2000 yil 9 yanvarda muqobillik asosida to’g’ridan-to’g’ri umumxalq Prezident saylovlari o’tkazildi. Bu saylovlar natijasida I.A.Karimov O’zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylandi. O’zbekiston Respublikasinish Prezidenti samarali faoliyat yuritishni ta’minlash maqsadida Prezident devonini tuzadi, turli xizmat bo’linmalarini shakllantiradi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti oqsaroydagi qarorgohida faoliyat yuritadi. «Do’rmon» (Qibray tumani) qarorgohida turli xalqaro uchrashuvlar, oliy martabali mehmonlarni kutib olish marosimlari va boshqalar tadbirlar o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti devoni binosi — Toshkent shahrining Markaziy qismida, O’zbekiston shoh ko’chasi (Anhor bo’yi)da joylashgan (1964, me’morlar V. Berezin, A. Faynleyb, R. Bleze, S. Eshonxo’jaev va boshqalar; muhandis E.Lennishmidt va boshqalar). Asosiy bino 6 qavatli bo’lib, birinchi qavatga 900 o’rinli majlislar zali tutashgan. Bino aniq geometrik shakllardan foydalanilgani, nisbatlarning aniq va monumentalligi, badiiy ko’rkam va me’moriy jihatdan oddiyligi bilan ajralib turadi. Asosiy bino (uzunligi 94 metr) shimolga qaragan, 3 bo’lakdan iborat. Bino tarzidagi vertikal bo’linishlar, katta hajmdagi derazalar hamda asosiy kirish eshigi mutanosibligi binoga alohida ulug’vorlik baxsh etgan. Binoning Janub tomoni ham shu tarzda hal etilgan, unga quyosh nurini to’suvchi maxsus moslamalar ishlangan. Majlislar zali binosida vestibyul, foye, kutubxona, oshxona va boshqalar qo’shimcha xonalar mavjud; zalga asosiy binoning 2-qavatidagi maxsus yo’lakdan o’tiladi; binoning G’arb tomonidagi oynalar oldiga alyuminiy plastinka (asalari iniga o’xshash to’siq)lar qo’yilgan, Janub tomoni qabariq bloklardan tashkil topgan. Bino pardozida yuqori sifatli marmar plitalar, koshinlar, suvog’ida maydalangan marmar bo’lakchalar va boshqalar ishlatilgan; atrofidagi hudud ko’kalamzorlar, gulzorlar bilan so’lim maskanga aylantirilgan.