Po’lkan Muhammad Jomrot o’g’li

Po’lkan Muhammad Jomrot o’g’li (1874 — Samarqand viloyati Xatirchi tumani Qatag’on qishlog’i — 1941) — shoir, dostonchi. Qo’rg’on dostonchilik maktabi vakili. Jassoq baxshi (19-asr) ning shogirdi. Yoshligidan yetimlikda o’sgan, do’mbira chertishni, Doston va termalar aytishni o’rgangan. 25 yoshida yetuk dostonchi sifatida tanilgan. Po’lkan 70 dan ortiq xalq dostonlarini yod bilgan va kuylab kelgan: «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlar, «Qironxon», «Orzigul», «Alpomish», «Yodgor», «Rustam» turkumi va boshqalar. Repertuarlari mavzu va janr jihatidan turli-tuman bo’lib, ularda o’zbek xalqining o’tmishidagi hayoti, urf-odatlari, intilishi va orzu-umidlari ifodalangan. «Hasan batrak» (1927) dostonida o’zbek mehnatkashlarining yer va suv haqidagi orzu-tilaklari, bu yo’ldagi kurashi aks etgan. Po’lkan kuylagan an’anaviy dostonlar ham g’oyaviy va badiiy yuksakligi bilan ajralib turadi. Po’lkan ijodi o’zbek folklori taraqqiyotida muhim bosqich bo’ldi. As: Go’ro’g’lining tug’ilishi, T., 1967; Gulnor pari, T., 1967; Hilomon. Go’ro’g’li turkumi dostonlaridan. T., 1970; Hasanxon, T., 1976. Ad.: Afzalov M., Po’lkan shoir, T., 1955; Po’lkan shoir, Maqolalar to’plami, T., 1976.