Poyon Ravshanov (1941-2020)

Taniqli adabiyotshunos, adib Poyon Ravshanov 1941 yilda Qamashi tumanida tug‘ilgan. 1963 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Shuhrat” (1996) medali bilan taqdirlangan. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi (2003).

Samarqand viloyati gazetasida adabiy xodim, Qarshi Davlat pedagogika instituti o‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi, O‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri, fakultet dekani va universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimida ishlagan.

Uning “Umid ummoni” (“Sharq” 2004), “Karvon qo‘ng‘irog‘i” (“Yangi asr”, 2004), “Yaxshiliknoma” (“Sharq” 2007), “Shukuhli umr” (“Sharq” 2008), “Shahrisabz tarixi” («Yangi asr avlodi», 2011), “Yoniq tuyg‘ular” («Yangi asr avlodi», 2013), “Birodarim” (“Yangi asr avlodi», 2013), “Qamoqxona saltanati” (“Yangi asr” 2015), “Sadoqat manzili” (“Yangi asr”, 2015) kabi oltmishdan ortiq asari chop etilgan.

Poyon Ravshanov chorak asrdan ortiq vaqt davomida Nasaf va Kesh (Shahrisabz) uzoq o‘tmishida shakllangan adabiy hayot tarixini tadqiq etgan adabiyotshunos olimdir. Poyon Ravshanov Qashqadaryo tarixiga, madaniyati, ilm-fani va adabiy muhitiga doir bir qator maqolalar, risolalar muallifidir. Uning qalamiga mansub «Adabiy sahifalar» (1985), «Tarix badiiyati» (1989), «Adabiyot va ta’lim» (1991), «Qashqadaryo tarixi (eng qadimgi davrlardan 19-asr 2-yarmiga qadar)» (1995) kabi kitoblarida Qashqadaryo vohasining tarixi va madaniy hayoti o‘tmishi yoritilgan.

Poyon Ravshanov Qashqadaryo viloyati arxivlarida ishlab Qashqadaryodan Sobiq Sovet davrida nohaq qamoqqa olingan insonlarning o‘tmishini o‘rganib 3 tomlik «Qatag‘on» «Istibdod» «Tajovuz» nomli kitoblar nashr qildirdi. Uning voha tarixiga bag‘ishlangan «Qashqadaryo tarixiga sayohat», «Qashqadaryo tomonlarda», «Shahrisabz tarixi», «Qarshi tarixi», «Amir Temur tug‘ilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi», «Amir Temur vatani», «Qashqadaryo istiqlol arafasida 1986-1989», «Nasaf va kesh manbalari», «Oqsaroy tarixi» asarlari ham chop etilgan.

Adibning buyuk sohibqiron Amir Temur haqida yozgan «Amir Temur sulolasi», «Temuriylar silsilasi» kabiasarlari bizni tarixiy haqiqatlar bilan yanada yaqindan tanishtirdi.

U 80 ga yaqin risola, 20 ga yaqin darslik muallifi, 500 tarixiy qissa, 5000 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalarni nashr qildirgan.

2020 yil 23 avgust kuni vafot etgan.