Qadariylar

Qadariylar — islomdagi ilk ilohiyot oqimlaridan biri tarafdorlari. Taqdir va Iroda erkinligi masalasida jabariylar ta’limotiga qarshi bo’lib, inson o’z xatti-harakatining yaratuvchisi (Xoliqi) deb tushuntiradilar. Qadariylar odillik Xudoning asosiy sifatlaridan biri degan fikrga borib, gunohni Xudo oldindan belgilab qo’ymaydi, Xudodan faqat adolatli ishni kutish mumkin, gunoh ishlar esa inson faoliyati bilan bog’liq, degan xulosaga keladilar. Qadariylar siyosiy jihatdan umaviylar xonadonidan bo’lgan xalifalar hokimiyatiga qarshi turardilar. Ularning ta’limotini 8-asr oxirlaridan mu’taziliylar izchil davom ettirdilar. Lekin, mu’taziliylar o’zlariga nisbatan bu atama — Qadariylar atamasi ishlatilishini xohlamasdilar. Manbalarda Qadariylar ning yirik vakillari sifatida quyidagilar zikr etiladi: Ma’bad Aljuhaniy (699-700 yoki 703-704 yillarda o’ldirilgan), G’aylon ad-Dimashqiy (742 yil o’ldirilgan), Hasan Albasriy (642-728). Ad.: Husniddinov 3., Islom: yo’nalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.