Qazg’oq

Qazg’oq — boshning sochli qismida paydo bo’ladigan mayda qipiklar (tangalar). Organizmda vitaminlar (xususan, A va V guruh vitaminlari) yetishmasligi, nerv sistemasi va me’da-ichak faoliyatining buzilishi, infektsion kasalliklar, sochni noto’g’ri parvarish qilish va boshqalar sabab bo’ladi. Yog’li va yog’siz Qazg’oq farq qilinadi. Oddiy (yog’siz) Qazg’oqda yog’ bezlari yaxshi ishlamaydi; boshda mayda, quruq, oq qipiq yig’ilib, to’kilib turadi; bosh qattiq qichishadi; soch quruq, mo’rt, xira tortib, ko’p to’kiladi. Sochni doim qaynoq suvda kirsovun bilan yuvish, botbot permanent qilish, kimyoviy usulda bo’yash, kun qizig’ida boshyalang yurish va boshqalar ham Qazg’oq ko’payishiga sabab bo’lishi mumkin. Yog’ bezlarining zo’r berib ishlashi natijasida yog’li Qazg’oq paydo bo’ladi. Boshdagi Qazg’oq yog’li, sarg’imtir rangda bo’lib, teri va sochga yopishib qoladi. Qazg’oq paydo bo’lganda teri kasalligi mutaxassisi (dermatolog) ga uchrashish lozim. Servitamin ovqatlar yeyish, vaqtida uxlash va dam olish, sochni quruq yoki yog’liligiga qarab parvarish qilish tavsiya etiladi. Boshda ko’p va dag’al Qazg’oq yig’ilishi ayrim kasalliklar (masalan, ekzema, psoriaz) belgisi bo’lishi ham mumkin, shuning uchun Qazg’oq paydo bo’lganda darhol vrachga uchrashish va tegishli maslahatlar olish lozim.