Qayiq

Qayiq — daryo, ko’l va boshqalar suv havzalari uchun mo’ljallangan suzish vositasi. Qayiqlar dastlab, asosan, eshkaklar bilan harakatlantirilgan, keyinchalik yelkanli va motorli Qayiqlar paydo bo’lgan. Qayiq ilgari, asosan, yo’g’on daraxt tanasini o’yib yasalgan, qayin po’stlog’idan yoki yog’och sinch (karkas)larga hayvon terisini tortib qurilgan. Hozir Qayiq yasashda yog’och, plastmassa va yengil metal ishlatiladi. Qayiq odamlar foydalangan dastlabki suv transporti hisoblanadi. qadimiy Misr, O’rta Osiyo (shu jumladan, O’zbekiston hududi), Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston va boshqalar mamlakatlarda keng rasm bo’lgan. Qayiqdan suv transportida, baliq ovlashda, harbiy ishda, sport maqsadlarida, istirohat bog’larida suvda sayr qilish va boshqalar maqsadlarda foydalaniladi. Kichikroq suv osti kemasi suv osti Qayiqi deb ataladi. Qayiqning shakli va o’lchamlari, nechta (bir, ikki va ko’p) eshkakli ekanligi uning nima maqsadga mo’ljallanganligiga bog’liq. O’zbekistonda Qayiq, asosan, baliq ovlashda, sport maqsadlarida, istirohat bog’laridagi ko’llarda sayr qilishda ishlatiladi.