Qadimgi hind tili

Qadimgi hind tili — miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalarida shim. G’arbiy Hindistonga bostirib kirgan qadimiy oriylar tili; Hindiston yarim orolining shimoliy va Markaziy qismlarida tarqalgan. Qadimgi hind tili hind-yevropa tillarining dastlabki, ilk vakillaridan hisoblanib, qadimiy eroniy tillar (Avesto tili, qadimiy fors tili)ga yaqin qarindosh bo’lib, ular bilan birgalikda oriy tillar birligini tashkil etadi. Hindiston bo’ylab tarqalish jarayonida Qadimgi hind tili substrat tillar (dravid tillari, munda tillari)ning bir qancha xususiyatlarini o’ziga singdiradi. Qadimgi hind tilida xronologik jihatdan va lahjaviy asosiga ko’ra bir-biridan farqlanuvchi 2 ta til mavjud — Hindistonning shimoli g’arbida Veda tili va shimol Markaziy qismida sanskrit. Prakritlar (o’rta hind tillari) bilan bo’lgan aloqalar, bir tomondan, Qadimgi hind tilida ko’plab prakritizmlarning paydo bo’lishiga, ikkinchi tomondan, sanskritning sezilarli ta’siri bo’lgan prakrit lahjalari asosida Qadimgi hind tilining gibrid ko’rinishlari shakllanishiga olib kelgan. Oriylarning Hindistonga kirib kelgungacha bo’lgan ko’chib yurish davri G’arbiy Osiyoning qadimiy xalqlari tillaridagi ko’plab qadimiy hind atoqli otlari, ma’bud- larning nomlari, yilqichilik atamalarida o’z aksini topgan. Veda tili va sanskritdan tashqari yana boshqa qadimiy hind lahjalari ham bo’lgan, lekin ular tegishli matnlarda saqlanib qolmagan. Ular asta-sekin rivojlana borib, bir qancha o’rta hind tillariga asos bo’lgan.