Qadimgi rus davlati

Qadimgi rus davlati, Kiyev Rusi — o’rta asrlarda Sharqiy yevropadagi davlat. 9-asrning so’nggi choragida Ryurikovichlar sulolasi knyazlari hukmronligi ostida Sharqiy slavyanlarning 2 asosiy markazi — Novgorod va Kiyev, shuningdek, «varyaglardan greklarga» savdo yo’li bo’ylab joylashgan yerlarni (eski Ladoga, Gnyozdovo va boshqalar atrofidagi qishloqlar) birlashtirilishi natijasida vujudga kelgan. 882 yil Knyaz Oleg Kievni bosib olib uni davlat poytaxti qilgan. 988-89 yillarda Vladimir I Svyatoslavich xristianlikni davlat dini sifatida joriy etgan. Shaharlarda (Kiyev, Novgorod, Ladoga, Beloozero, Rostov, Suzdal, Pskov, Polosk va boshqalar) hunarmandchilik va savdo rivojlangan; me’moriy va yozma obidalar yaratilgan. Janubiy va g’arbiy slavyanlar, Vizantiya, G’arbiy va shimoliy Yevropa, Kavkaz, O’rta Osiyo bilan aloqalar o’rnatilib, ular yanada mustahkamlangan. Qadimgi Rus knyazlari ko’chmanchilarning (bijanaklar, Torklar, poloveslar) bosqinlarini daf qilganlar. Yaroslav Mudriy hukmronligi (1019-54) — davlatning eng ravnaq topgan davri. Ijtimoiy munosabatlar qadimiy rus huquqi to’plami — rus haqiqati va boshqalar huquqiy hujjatlar orqali tartibga solingan. 11-asrning 2-yarmida knyazlarning o’zaro nizolari va poloveslarning bosqinlari davlatni zaiflashtirgan. Qadimgi rus davlatining yaxlitligini saqlash yo’lida knyazlar Vladimir II Monomax (1113 -25) va uning o’g’li Mstislav (1125— 32) ko’p harakat qilganlar. 12-asrning 2-choragida davlat parchalanib, bir necha mustaqil knyazliklar, Novgorod va Pskov respublikalariga bo’linib ketgan. Fatxulla Ergashev.