Qal’ai Mir

Qal’ai Mir — ko’p qatlamli yirik shahar xarobasi. Tojikistonning Shahrituz tumanidagi Qubodiyon shaharchasida joylashgan. Kofarnihon daryosining quyi oqimida. Maydoni 275×270 metr. Qal’ai Mir hududidan 1950-51 yillarda Baqtriya usuliga xos inshoot qoldiqlari va miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalaridan milodiy 1-asrlargacha bo’lgan moddiy madaniyat ashyolari topilgan. Qal’ai Mir va unga yaqin bo’lgan Kayqubodshoh shahri xarobalarini tekshirish natijasida shimoliy Baqtriya yodgorliklarining dastlabki stratigrafik jadvali ishlab chiqilgan (M.M.Dyakonov). Keyinchalik Stratigrafiyaga birmuncha aniqlik va tuzatish kiritildi. Qal’ai Mir miloddan avvalgi 6— 4-asrlarga oidligi aniqlandi, 5 tarixiy-madaniy davrga bo’lindi (Qubodiyon I—V). Qubodiyon 1 va Qubodiyon II bosqichlari o’rtasidagi katta xronologik uzilish o’rganildi. Qal’ai Mirdan ko’plab sopol idishlar va temir buyumlar topilgan.