Qalandar

Qalandar — 1) tarki dunyo qilgan, go’shanishinlikka berilgan odam, sufiy; tasavvuf yo’liga kirib, darbadarlik va xayrehson bilan kun kechiruvchi kishi. «Qalandar» istilohi sufiylarning asarlarida zikru samo’orqali Allohga ruhan yaqinlashib, fakru fanoga va haqiqatga erishish maqsadida o’z jismini va qalbini poklashga intilgan darvishlarga nisbatan qo’llanilgan. Qalandar muayyan jamoa (suluk)ga birlashib, uning ta’limotini targ’ib etgan, o’z murshidi (Shayx, eshon yoki pir)ning ko’rsatmalarini bajarishi shart hisoblangan. 2) Xiva xonligida saroy xizmatchilari. Xon tantana bilan safarga chiqqan vaqtlarida, serhasham janda kiygan Qalandarlar marosimning oldida piyoda borishgan. Xon Qalandarxona yonidan o’tib qolsa, Qalandarlar pirining madhini eshitmoq uchun albatta to’xtashgan. Xonni maqtagan, safarga chiqishda unga tantanali tus bergan. Saroyda 10-22 Qalandar bo’lgan. O’rta Osiyoda Qalandarlarning faoliyati bilan bog’liq Qalandarxona va xonaqohlar mavjud bo’lgan. Qalandarlar Sharqdagi Musulmon davlatlarida, jumladan, Pokiston, Hindiston, Indoneziya, Eron va Afrikaning ayrim mamlakatlarida hozir ham bor.