Qalqovuch

Qalqovuch (texnikada) — suyuqlikka (masalan, suvga) botirilgan holatda ko’tarilish kuchi va suzuvchanlik xossasiga ega bo’lgan (suyuqlik sirtiga qalqib chiqadigan — nomi shundan) qurilma. Ko’tarmatayanch (gidrosamolyotlar, qalqma ko’priklar, tashlama to’rlar, qarmoqlarning qalqma po’kaklari); gidrometrik (oqim tezligini yoki to’lqinlar sathini o’lchash uchun mo’ljallangan; masalan, mareograflar) hamda suyuqlik yo’lini ochish va berkitish uchun mo’ljallangan (karbyuratorning Qalqovuchli kamerasi, vodoprovod tarmog’i hamda sanitariya texnikasidagi Qalqovuch moslamalar) turlarga bo’linadi. Qalqovuchlar, asosan, yengil materiallar (yog’och, plastmassa, rezina va boshqalar)dan tayyorlanadi. Qalqovuch harbiy ishda, mashinasozlikda, uyro’zg’orda, meteorologiya va boshqalar sohalarda keng ishlatiladi.