Qamashi suv ombori

Qamashi suv ombori — Qashqadaryo viloyatida barpo etilgan gidrotexnika inshooti. 1957 yilda Qamashi shahridan 4 kilometr uzoqlikdagi Sho’rchasoy tabiiy botiqligini tuproq to’g’on bilan to’sib hosil qilingan. To’g’onning dastlabki balandligi 10 metr, ustki qismining uzunligi 900 metr, ombor atrofida ko’tarilgan Marzalar bilan birgalikda 1500 metr, hajmi 11 million m3. 1962 yilda to’g’on rekonstruktsiya qilinib, 3 metrga ko’tarildi va umumiy hajmi 17,3 million m3 ga va foydali hajmi 16 million m3 ga yetkazildi. Maksimal chuqurligi 12,0 metr, o’rtacha chuqurligi 6,0 metr, suv sathining yuzasi 1,5 km2. Suv ombori Yakkabog’ daryosidan suv oluvchi Qorabog’ kanali va suv sarfi 4 m3/sekund bo’lgan 6 kilometr uzunlikdagi suv keltirish kanali orqali aprel— iyulda to’ldiriladi. Omborning suv chiqargichidan suv sarfi 4 m3/sekund bo’lgan 2,9 kilometr uzunlikdagi kanal suv oladi. Suv ombori Qamashi tumanida 5 ming gektar ekinzorni sug’orish imkonini beradi.