Qandag’och

Qandag’och — qayindoshlar oilasiga mansub barg to’kuvchi daraxt va butalar turkumi. Asosan, Shimoliy yarim sharda 50 ga yaqin turi ma’lum. Yevrosiyo, Shimoliy Amerikada hamda Janubiy Amerika tog’larida tarqalgan. Qandag’ochning qora Qandag’och, kulrang yoki oq Qandag’och, Sibir Qandag’ochi, yumshoq tukli, Kavkazda o’sadigan noyobso’galli Qandag’och yuraksimoi Qandag’och hamda manzarali qizil Qandag’och turlari ko’p uchraydi. Muhim xo’jalik ahamiyatiga ega bo’lgan qora Qandag’ochning bo’yi 25 (30-35) metr. Shox-shabbasi yaxshi, rivojlangan. Po’stlog’i to’q mallarang, g’adirbudir. Barglari dumaloq. Bir uyli, chetdan changlanadi. Birinchi 20-30 yilda tez o’sadi. 30-40 yoshidan mevalaydi. Yog’ochi pishiq, qayishqoq. 100-300 yil yashaydi. Qora Qandag’och yuqori mahsuddor sof (yoki oq qayin, qoraqarag’ay, qayrag’och va bilan aralash) ko’chatlar beradigan qimmatli o’rmon hosil qiluvchi tur. Qandag’ochning barcha turlaridan ko’kalamzorlashtirish, sog’lomlashtirish, bog’lar, xiyobonlar tashkil qilish va boshqalar maqsadlarda foydalaniladi. Yog’ochi mebelsozlik, tokarlik sanoatida, o’ymakorlikda, faner ishlab chiqarishda ishlatiladi, mustahkamligi (chirimasligi) tufayli gidrotexnik inshootlar qurilishida qo’llanadi. Po’stlog’idan teri oshlashda (16% gacha tannin moddasi bor) va bo’yoq olishda foydalaniladi. Urug’idan, ildiz bachkisidan ko’payadi.