Qandalalar, asl yarim qattiqqanotlilar

Qandalalar, asl yarim qattiqqanotlilar — chala o’zgarish (metamorfoz) bilan rivojlanadigan hasharotlar turkumi. 40 mingga yaqin turi ma’lum; quruqlikda, shuningdek, tropik va subtropiklardagi suv havzalarida yashaydi. Tanasining uzunligi 1 millimetrdan 12 santimetrgacha. Boshining ikki yonida murakkab (ba’zan tepa qismida yana oddiy) ko’zlari bor; 4, kamdan-kam 3-5 bo’g’imli mo’ylovi ipsimon, to’g’nog’ichsimon yoki dumaloq. Sanchib-so’ruvchi og’iz apparati bo’g’imli xartumcha ko’rinishida. Qanotlari 2 juft. Old qanotlarining uchi pardasymon, tiniq, qolgan qismi kuchli xitiilashgan. Orqa qanotlari pardasimon, tiniq. 3 juft oyoqlari yurish, yugurish, shuningdek, hayot tarziga bog’liq holda kavlash, suvda suzish, tutib olish va boshqalarga moslashgan. Ko’pchilik Qandalalarning orqa ko’kragining ikki yoni bilan 2 va 3-juft oyoqlarining toslari oralig’iga hid chiqaruvchi bez teshiklari ochilgan. Tuxumi, asosan, bochkasimon, noksimon, tuxumsimon bo’lib, uchki qismida qopqog’i bor. Lichinkasining tashqi ko’rinishi va hayot tarzi yetuk Qandalalarnikiga o’xshash. Ko’pincha Qandalalar yilda bir avlod beradi. Urg’ochisi tuxumini o’simlik yoki boshqa narsalar sirtiga, o’simlik to’qimasi ichiga, ba’zilari (ayrim zararkunanda Qandalalar) erkagining orqasiga (tuxumdan lichinka chiqqunga qadar erkagi ko’tarib yuradi) qo’yadi. Odatda, yetuk Qandalalar (so’qir q.ning faqat tuxumi) qishlaydi. Qandalalar issiq va quruq iqlimli sharoitda yashashga juda yaxshi moslashgan. O’zbekistonning sug’oriladigan dehqonchilik mintaqasida Qandalalarning 13 zararkunanda turi, ayniqsa, beda kandalasi, dala qandalasi katta zarar keltiradi. Beda o’rilgandan keyin Qandalalar yoppasiga g’o’zaga o’tadi. Yetuk Qandalalar va lichinkasi barg, poyaning mayin to’qima uchi va hosil organlaridagi shirani so’radi. Shikastlangan g’uncha va gullar to’kiladi. Shakllangan ko’saklarda qo’ng’ir dog’lar (1-2,5 millimetr kattalikda) paydo bo’ladi, ularning rivojlanishi hamda pishishi sustlashadi. Quruqlik Qandalalari, asosan, o’simlikxo’r, turli o’simliklar bargi, mevasi va ildizidan shirasini so’radi. Qalqovdor Qandalalar oilasiga mansub xasva, beda qandalasi, o’tloq qandalasi va boshqalar qishloq xo’jaligi ekinlari uchun xavfli. Ba’zi Qandalalar o’simliklarning virusli kasalliklari, masalan, barg bujmayishi, lavlagi mozaika kasalligi kabilarni tarqatadi. Ba’zi quruqlik Qandalalari odam va issiq qonli hayvonlarning (ko’rshapalaklar, qushlar va boshqalar) tashqi paraziti bo’lib, ularning qoni bilan oziqlanadi. Halqondorlar oilasiga mansub yirtqich Qandalalar foyda keltiradi. Kurash choralari: o’simlikxo’r q.ga qarshi bedapoyalarga ishlov berish; erta bahorda begona o’tlarga qarshi nitrafen purkash; poyadagi tuxumlarni yo’q qilish uchun bedani 5 santimetr poya qoldirib o’rish, dalada ang’izni yo’qotish. Zararlangan ekinlarga fosfororganik insektisidlardan: fosfamid (rogor)ning 40% li emulgirlanuvchi kukunini sepish (1,5— 2,5 kg/ga). Ad.: Murodov S.A., Umumiy entomologiya kursi, T.. 1986. Sulton Alimuhamedov