Qandolatchilik, shirapazlik

Qandolatchilik, shirapazlik — hunarmandchilikning mahalliy shakarpazlik mahsulotlari, mahalliy shirinliklar, qandqurslar tayyorlanadigan sohasi. Sharq mamlakatlarida qadimdan rivoj topib, ayniqsa, o’rta asrlarda keng tarqalgan. O’rta Osiyoning Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshhovuz, Xo’jand, Qo’qon, Chimkent, Toshkent singari yirik shaharlarida qandolatchilar shinni, asal, turli mevalarning shiralaridan, shuningdek, un, kunjut, o’rik, bodom mag’izi, yong’oq va boshqalardan foydalanib, turli-tuman obaki, holva, novvot, pechak, pashmak, parvarda, nisholda, murabbolar, atirgul gul barglarini shakar bilan aralashtirib gulqand, muz bilan shinni yoki meva sharbatini qo’shib muzqaymoqlar tayyorlaganlar. Shaharlarda, yirik qishloq bozorlarida Qandolatchilik rastalari bo’lgan. Qandolatchilar 4-5, ba’zan 10-12 kishilik ustaxonalarga uyushgan, ularning do’konlari, asosan, xonadonlarda hovlining bir qismini tashkil etgan. Qandolatchilarning asboblari cho’yan va mis qozonlar, mis tovoq-tog’ora, yog’och qorgich, chilcho’p, tarozi kabilardan iborat bo’lib, katta-kichik o’choqlar, uzum shirasi olinadigan maxsus qurilmalardan foydalanganlar. 20-asrning 20-yillaridan Qandolatchilik mahsulotlari (konfet, shokolad, monpase va boshqalar) ishlab chiqaradigan yirik fabrikalar paydo bo’lishi bilan (masalan, Toshkentda 1922 yilda «o’rtoq» qandolatchilik fabrikasi ishga tushirildi). Qandolatchilik ning hunarmandchilikda kasb sifatida faoliyat sohasi bir kadar qisqardi, ammo shunga qaramay sanoat usulida ishlab chiqarish mumkin bo’lmagan yoki rentabelli bo’lmagan shirinliklar turlarini ishlab chiqarish saqlanib qoldi va rivojlandi. 90-yillar boshidan shahar va qishloqlarda Qandolatchilikda yakka tadbirkorlar va xususiy korxonalar faoliyat ko’rsata boshladi, Qandolatchilik mahsulotlarining tur tarkibi va bozorda sotilishi miqdori ko’paydi. Hozirgi davrda Qandolatchilik da shakarli mahsulotlar bilan birga undan tayyorlanadigan mahsulotlar (pechene, vafli, tort, keks, pirojniy va boshqalar)ning ko’p turlari ishlab chiqariladi. Umid Ahrorov.