Qanliko’l tumani

Qanliko’l tumani — Qoraqalpog’iston Respublikasining Markaziy qismidagi tuman. 1970 yil 7 dekabrda Qo’ng’irot va Shumanay tumanlarining qismlaridan tashkil qilingan. Shimoliy g’arbdan Qo’ng’irot, sharqdan Kegeyli, Janubi sharqdan Nukus, Janubdan Shumanay tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,74 ming km2. Aholisi 41,2 ming kishi (2005). Tumanda 1 shaharcha (Qanliko’l), 4 ovul fuqarolari yig’ini (Besko’pir, Kosjop, Navro’z, Qanliko’l) bor. Markazi — Qanliko’l shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi serunum quyi Amudaryo tekisligida, Amudaryoning chap sohilida. Relefi, asosan, pasttekislik. Amudaryoning qurib qolgan qadimiy tarmoqlari (Uldaryo, Kindiko’zak, Begjap) o’rni saqlangan. Qadimiy ko’llarning o’rni — turli kattalikdagi botiqlar bor. Ko’chma qumlar ham mavjud (Arzimbetqum massivi). Amudaryo qadimiy tarmoqlarining qirg’oqlari bo’ylab er tagida turli kattalikdagi bo’shliqlar — ungurlar uchraydi. Uldaryoning ikkala qirg’og’idagi ba’zi ungurlarning diametri 5 metr, chuqurligi 3 metrga etadi. Tuman hududidagi to’qay va o’tloqlar ekin maydoniga aylantirilgan. Kanal va ariqlar o’tkazilgan. Qurilish materiallaridan gil va qum bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 7,1°, iyulniki 25,8. Eng yuqori temperatura 44°, eng past temperatura -30°. Vegetatsiya davri 186 kun. Yiliga 108 mm yog’in tushadi. Asosan, bahor va qishda yog’adi. Daryo bo’yida pichanzor va o’tloqlar bor. Kichik ko’llar mavjud. Ekin maydonlari Begjap, M.Nurmuhamedov nomidagi, Sherio’shi, Qanliko’l, Bozorboy va boshqalar kanallar orqali sug’oriladi. Respublika ahamiyatidagi magistral kanallardan Suenli, Kindiko’zek, Qiyatjarg’an, Ajiniyaz kanallari tuman hududidan o’tgan. Tuproqlari o’tloqtaqir, o’tloqibotqoq va taqir tuproqlar. Tuproqni sho’rlanishdan saqlash uchun Oltinko’l kollektori, 58,8 kilometr uzunlikdagi ichki zovurlar o’tkazilgan. Yovvoyi o’simliklardan qamish, chiy, yakan, bugdoyiq, ajriq, bo’yan, yantoq, yulg’un, turang’il, jiyda, tol va boshqalar o’sadi. Hayvonot dunyosi xilma-xil; yovvoyi hayvonlardan: qobon, chiyabo’ri, quyon, ondatra; qushlardan qirg’ovul, o’rdak, qo’ton, chag’alay; baliqlardan sazan, bakrabaliq, laqqa, cho’rtan va boshqalar bor. Aholisi, asosan, qoraqalpoq va o’zbeklar, shuningdek, qozoq, turkman, koreys, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 55,6 kishi. Shahar aholisi 10,6 ming kishi, qishloq aholisi 30,6 ming kishi (2005). Xo’jaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik va sholichilik. Chorvachilik rivojlangan. Pilla, meva, sabzavot, poliz mahsulotlari ham yetishtiriladi. Tumanda kichik va xususiy korxonalar, jumladan, sanoat, qurilish korxonalari faoliyat ko’rsatmoqda. Shulardan yiriklari: paxta tozalash, g’isht zavodlari, avtokorxona, 6 qurilish korxonasi, MTP, shuningdek, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 1 qo’shma korxona faoliyat ko’rsatadi. Jami ekin maydoni 20,2 ming gektar, shu jumladan, 5,4 ming gektar yerga paxta, 3 ming gektar yerga sholi, 500 gektar yerga poliz, 100 gektar yerga sabzavot, 8,1 ming gektar yerga ozuqa ekinlari ekiladi. O’rmon xo’jaligi (4,7 ming gektar) mavjud. Lalmikor yerlar 32 ming gektar, bo’z yerlar 141 gektar, ko’p yillik daraxtzorlar 141 gektar (shu jumladan, bog’lar 127 gektar), tokzorlar 13 gektar, tutzorlar 1 gektar, yaylovlar 13,2 ming gektar yerni egallaydi. 11 shirkat, 420 fermer xo’jaligi, 7 fermer xo’jaliklar uyushmasi faoliyat ko’rsatadi. Fermer xo’jaliklaridan 361 tasi g’allachilik va paxtachilik, 12 tasi chorvachilik bilan shug’ullanadi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 14,9 ming qoramol (shu jumladan, 6,3 ming sigir), 15,2 ming qo’y va echki, 11,9 ming parranda, 845 yilqi boqiladi. 24 umumiy ta’lim (9,2 ming o’quvchi), bolalar musiqa, sport maktablari, 3 kasb-hunar kolleji (1,2 ming o’quvchi), 14 kutubxona (112,9 ming asar), madaniyat uyi, 2 qishloq madaniyat uyi, 3 klub muassasasi bor. Stadion, tennis, futbol maydonchalari va boshqalar sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, qishloq kasalxonasi, poliklinika, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 4 qishloq vrachlik punkti, 11 feldsher-akusherlik punkti. stomatologiya poliklinikasi, 5 dorixona va boshqalar tibbiy muassasalarda 59 vrach (har 10 ming aholiga 14,3 vrach) va 502 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Qanliko’l tumani hududidan respublika ahamiyatidagi Toshkent — Nukus temir yo’l o’tgan. 110 kilometrdan ziyod avtomobil yo’llari bor. Tuman markazi (Qanliko’l)dan Nukus, Qo’ng’irot, Kegeyli, Shumanay shahrilariga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan.