Qandli diabet, qand kasalligi

Qandli diabet, qand kasalligi — organizmda insulin tanqisligi va moddalar almashinuvi buzilishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. Qand kasalligi Sharq xalq tabobat tarixida juda qadimdan ma’lum. Abu Ali ibn Sino bu dardga alohida e’tibor beradi. «Suv qanday ichilgan bo’lsa, shu holda chiqadi», deb yozadi u. Bemorning ko’p suv ichishi boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqaradi va bemor juda ozib ketadi. Davolarga to’xtab tabib: «bemorga sovuq mizojli suyuqliklar ichir, sovuqjomga sol, nordon ayron ichir, mevalar ber, yalpiz damlab ichir, ya’ni bemorni ho’lla, sovut», deydi. Bu — kasallik odam badanida issiqlikning oshib ketishi tufayli paydo bo’lishini bildiradi. Qand kasalligi tarixiy tibbiy manbalarga ko’ra, nasliy bo’lishi ham mumkin. Qandli diabetda qonda qand moddasi keskin ko’payib, siydik bilan chikib turadi (tarkibida qand moddasi bo’ladi), tashnalik, ozib ketish, quvvatsizlik, badan qichishishi va boshqalar alomatlar kuzatiladi. Kasallikning irsiy yoki hayotda orttirilgan, shuningdek, insulinga bog’liq (diabetning 1turi) va insulinga bog’liq bo’lmagan (diabetning 2-turi) turi farq qilinadi. Diabetning 1-turi ko’pincha o’smirlik yoshida uchraydi. Bunda bemor organizmida me’da osti bezi hujayralari insulin ishlab chiqara olmaydi va ularni davolashda qand miqdorini pasaytirish maqsadida insulin preparatlari qo’llanadi. Qandli diabetning 2-turida me’da osti bezi orolcha hujayralaridan insulin ishlab chiqarish saqlanib qoladi, bunda qon tarkibidagi insulin miqdori me’yorida yoki undan sal yuqoriroq bo’ladi. Biroq, to’qimalarning insulinga nisbatan sezgirligi keskin pasayishi tufayli to’qimalar tomonidan glyukozani o’zlashtirish hamda foydalanish kamayadi va u qon tarkibida to’planib qoladi, natijada qonda qand ko’payib, siydik bilan chiqib turadi, bemor juda semirib ketadi. Diabetning bu turi bilan, asosan, o’rta va keksa yoshdagilar kasallanadilar. Kasallik asta-sekin, zimdan rivojlanadi, u boshlanishida og’iz qurishi, chanqash, ozish kabi alomatlar yaqqol bilinmaydi. Bemorni ko’proq holsizlanish, toliqish, tashnalik bezovta qiladi. Qon tarkibidagi glyukoza miqdori yuqori bo’lishiga qaramay, diabetning 2-turida qon tarkibida atseton modsasining ortishi va uning siydikda paydo bo’lishi juda kam kuzatiladi. Bunday bemorlar insulin qabul qilmay yashashlari mumkin. Ularga parhez, jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish, qand miqdorini kamaytiruvchi dorilar qabul qilish yaxshi naf beradi. Qandli diabet — bir umrlik kasallik, uni butun hayot davomida davolash zarur. To’la-to’kis davolanmaydigan va qon tarkibidagi glyukoza miqdori uzoq vaqt yuqori saqlanadigan bemorlarda Qandli diabetning tomir asoratlari — diabetga xos angiopatiyalar (makro va mikroangi-opatiyalar) namoyon bo’ladi. Bu barcha a’zolarning (teri, muskullar, nerv va hokazolar) kapillyarlarini shikastlaydi. Diabetga xos mikroangio-patiyalar buyrak, ko’z, oyoq va boshqalar a’zolarda ko’proq va ertaroq kuzatiladi. Qandli diabet ateroslerozning rivojlanishi, o’z navbatida, yurakning ishemik kasalligi (stenokardiya, miokard infarkti), miyada qon aylanishining buzilishi (bosh aylanishi, miya insulti) va hokazolarga olib keladi. Qandli diabetning har ikkala turida ham davolashdan asosiy maqsad iloji boricha qondagi qand miqdorini sog’lom kishilardagi ko’rsatkichga yaqinlashtirish, ya’ni kompensatsiya holatiga erishishdir. Qondagi qand miqdorini me’yorida saqlab turishning asosiy yo’li qondagi glyukozani iloji boricha tez-tez aniklash; bunday nazorat Qandli diabetning insulinga bog’liq 1-turida juda zarur. Uy sharoitida mustaqil holda qondagi glyukoza miqdorini aniqlashda maxsus reaktiv qog’ozlardan foydalanish mumkin. Buning uchun Ukol igna yordamida barmoqdan bir tomchi qon reaktiv qog’ozga olinadi (qon qog’ozni bir chetidagi chiziqchalarga tushiriladi). Bir daqiqadan so’ng qog’ozdagi qon paxta bilan artib tashlanadi va yana bir daqiqa o’tgach, reaktiv qog’oz rangi shkala bilan solishtiriladi. Rangi eng yaqin bo’lgan shkala ko’rsatkichi shu qondagi glyukoza miqdorini mmol/l (mg%) da ifodalaydi. Xuddi shunday usulda uy sharoitida siydikdagi qand miqdorini ham bemorlarning o’zlari mustaqil maxsus reaktiv qog’ozlar yordamida aniqlashlari mumkin. Agarda qonda yoki siydikda glyukoza miqdori baland bo’lsa, darhol tegishli davo muolajalarini amalga oshirish lozim. Bulardan tashqari, bemorlar tana vaznlarini ham haftada bir marotaba nazorat qilishlari hamda uni o’z bo’yi, yoshi va kasbiga mos bo’lgan me’yorda saqlab turishlari kerak. Qandli diabetda davo har bir bemorning umumiy ahvoli, kasallik alomatlari, qon, siydik tahlili va boshqalarga qarab tayinlanadi, u bosqichma-bosqich olib boriladi. Davolanish muddati kasallikning og’irengilligi, o’tkazib yuborilgan yoki yangiligi va turiga bog’liq.