Qapag’on xoqon

Qapag’on xoqon (? 716) Turk xoqonligi hukmdori (691-716). Uning ismi O’rxun bitiktoshlarida Qapag’an, Xitoy yilnomalarida esa Mochjo shaklida uchraydi. U Ikkinchi Turk xoqonligining asoschisi bo’lmish akasi Eltarish xoqon vafot etgach, 691 yilda xoqonlik taxtiga o’tirgan. Qapag’on xoqon davrida xoqonlik yana Markaziy Osiyoning eng yirik davlatiga aylangan. Qapag’on xoqon dastlabki faoliyatini Tabg’ach (Xitoy)ga hujum uyushtirish bilan boshlagan. U 693-706 yillar oralig’ida Eltarish xoqonning o’g’illari — Bilga xoqon va Kultegin bilan birgalikda Xitoydagi Xuanxe daryosi havzalari hamda Shan’dun (Xitoyning shimoli sharqi) o’lkasiga yurish qilib, 23 ta shaharni qo’lga kiritganligi qadimiy turkiy bitiktoshlarda qaydetilgan. 699 yilda bir qism xoqonlik qo’shinlari Janubi g’arbga, temir qapig’gacha yetib kelgan, 710 yilda esa Buxoro, Sug’d, Toxariston o’lkalariga istilochilik yurishlari uyushtirayotgan arablar bilan to’qnash kelgan. Qapag’on xoqon 700 yilda Bilga xoqon rahbarligida Tangut o’lkasiga (shim.G’arbiy Xitoy — Tibetning shim.) qo’shin yuboradi va bo’ysundiradi. 701 yilda xoqonlik qo’shinlari Xitoyning shimoli g’arbidagi Olti Chub Sug’daq o’lkasiga yurish qiladi va O’ngtutuq rahbarligidagi 50 ming kishilik Xitoy qo’shinini mag’lub etadi. Qapag’on xoqon davrida yirik turkiy qabilalardan 699 yilda turgashlar, 703 yilda basmillar, 705— 706 yillarda bayirqular, 709 yilda chik va Azlar, 710 yilda qirg’izlar va turgashlarga qarshi qo’shin tortilib ular qaytadan Turk xoqonligi tarkibiga qo’shib olinadi. Qapag’on xoqon hukmronligi davomida xoqonlik va Markaziy Osiyoda katta nufuzga ega bo’lgan bir qancha yirik qabilalar orasida to’qnashuvlar yuz bergan. Bitiktoshlarda 711 yilda Turgash, 711-714 yillarda qarluq, 714 yilda az, 715 yilda izgil, 715-716 yillarda o’g’uz va to’qqiz tatar singari qabilalar bilan jang olib borilgani hikoya qilinadi. Xitoy yilnomalarida qayd etilishicha, 716 yilda Qapag’on xoqon To’g’la (tola) daryosi bo’yida Bayirqu urug’i ustidan g’alaba qozonib, poytaxt O’tukanga qaytayotganda yo’dda etarli xavfsizlik chorasi ko’rilmagani bois pistirmaga duch keladi va mazkur qabilaga mansub jangchi tomonidan o’ldirilgan. Ad.:Gumilev L.N., Drevnie tyurki, M., 1967; Nasimxon Rahmon, Turk xoqonligi, T., 1993. G’aybulla Boboyorov.