Qarg’asimonlar

Qarg’asimonlar — sayroqi chumchuqsimonlar turkumi oilasi. Anatomik tuzilishiga ko’ra birmuncha sodda; Lekin nisbatan murakkab hatti-harakatlari bilan boshqa chumchuqsimonlardan ajralib turadi. Ayrim Qarg’asimonlar tovushga taqlid qiladi (odam ovozini takrorlaydi). Uzunligi 18-70 santimetr. Tumshug’i va oyoqlari baquvvat, burun teshiklari keng va qillar bilan to’silgan. 26 uruqqa mansub 104 turi bor. Yangi Zelandiya va ayrim oroldan tashqari Yer yuzida keng tarqalgan. O’zbekiston faunasida 4 urug’ (qarg’alar, hakkalar, xo’jasavdogarlar, tog’zag’chalari)ga mansub 9 turi tarqalgan. Ko’pchilik Qarg’asimonlar gala bo’lib yashaydi; ayrim turlari koloniya bo’lib uya quradi. Uyasini daraxtlar shoxi, kovagi, qoya toshlar, binolarga yoki qamishlar orasiga quradi. Urg’ochisi 3-10 ta tuxum qo’yib, uni bosib yotadi. Ayrim Qarg’asimonlarning erkagi ham tuxum bosadi. Har xil oziq yeydi, ko’pchiligi mayda kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanadi; ba’zi turlari ekinlar, qushlar uyasidagi tuxumlari va jo’jalarini, mo’ynali hayvonlar bolasini yeb, birmuncha ziyon keltiradi.