Qarnob qalay koni

Qarnob qalay koni — Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi kon. 1943 yilda ochilgan. 1952—58 yillar mobaynida o’zlashtirilgan. Kon Qarnob— Lapas regional yorig’ining shimoliy blokida joylashgan. 20 dan ortiq tik yotuvchi rudali tanalar mavjud bo’lib, ulardan 20-50 metr chuqurlikkacha bo’lganlari qadimiy ruda izlovchilar tomonidan va konni keyingi o’zlashtirish (1940-50 yillar) jarayonida qazib olingan. Rudali tanalar morfologiyasi murakkab — tikka yotuvchi tarmoqlangan tomirlardan iborat bo’lib, o’lchami 0,3—0,5 dan 1,5—2 metrgacha qalinlikda, uzunligi 100 dan 550 metrgacha. Ba’zi zonalari 400 metr chuqurlikkacha aniqlangan. Rudalanish bir tekis tarqalmagan, qalayning miqdori 0,1 dan 0,9% gacha. Qarnob qalay koni gidrotermal konlar tipiga mansub. Ruda atrofi o’zgarishlarining asosiy tipi— Berezitlanish. Rudali jismlar to’q kulrang kvars va intensiv ravishda berezitlashgan hamda turmalin va sulfidli tomirchali maydalangan granitlardan tarkib topgan. Qarnob qalay koni rudalariga asosiy mineral — kassiterit 1 millimetrga yaqin Jigarrang izometrik donachalar va 2-4 millimetr qalinlikdagi tomirchalar shaklida bo’lib, tarkibida volfram, qo’rg’oshin, rux, galliy elementlari bor. Kassiterit xolxol ko’rinishda, ingichka tomirchalar va alohida donalar shaklida uchraydi. Rudali jismlar tarkibida kassiterit 0,3—0,5%, galenit 0,3 — 0,5%, sfalerit 0,1—0,3%, xalkopirit 0,1—0,3%, pirit 1-2% da bo’ladi. Ulardan tashqari, varlamovit, mushistonit, akantit, pirargirit, prustit, stannin, tillit, Frankeit va boshqalarlardan tarkib topgan. Rudali tanalar tarkibida: qalay— 0,3— 0,4%, qo’rg’oshin — 0,3%, mis 0,1—0,2%, rux 0,1%, kumush 72 g/t, margimush 0,1%, surma 0,1%ni tashkil qiladi. Rudalanishning tik o’lchami 500 metrdan oshadi.