Qiyot

Qiyot — qadimiy turkiy qabilalardan biri; o’g’uzlar tarkibiga kirgan. 8-10-asrlarda Dashti Qipchoqda yashab ko’chmanchi chorvachilik bilan shug’ullanganlar. O’g’uzlar davlati emirilgach, 11-asrda Qiyotlar ham bo’linib ketgan. Ularning katta qismi Turkmaniston hududiga siljib mahalliy aholiga, boshqa qismi esa Bolqon yarim orolidagi xalqlar tarkibiga singib ketgan. Dashti Qipchoq cho’llarida qolgan qozoq, qoraqalpoq xalqlarining tarkibiy qismlaridan birini tashkil etgan. Qoraqalpoqlar tarkibidagi Qiyotlar 3 ga bo’lingan: uch tamg’ali, tarokli, bolg’ali. Qashqadaryoning yuqori oqimi, Xorazm va Buxoro vohalari, shuningdek, Zarafshonning o’rta oqimida Qiyotlar 19-asr oxirlarida qoraqalpoqlar tarkibiga kirgan. Qiyot 20 asrning boshlarida, asosan, o’troqlashib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan.