Qirg’iz tili

Qirg’iz tili — turkiy tillarning qirg’iz-qipchoq guruhiga mansub tillardan, Qirg’iziston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qirg’izistonda, shuningdek, O’zbekiston, Tojikiston, Qozog’iston, Xitoy, Afg’oniston, Rossiya Federatsiyasi, Pokiston va boshqa hududlarda tarqalgan. Qirg’iz tilida so’zlashuvchilarning umumiy soni 2,5 million kishidan, Qirg’izistonning o’zida 2 million 330 ming kishidan ortiqroq (o’tgan asrning 90-yillari o’rtalari). Qirg’iz tili 2 ta: shimoliy va Janubiy lahja guruhlariga bo’linib, bu lahjalar, asosan, fonetika va leksika sohalarida o’zaro farqlanadi; ayni jihatlari bilan boshqa turkiy tillardan ham ajralib turadi. Janubiy lahjaga o’zbek tilining ta’siri kuchli. Qirg’iz tilining fonetik xususiyatlari: 8 ta qisqa unli fonemaga qarama-qarshi 8 ta cho’ziq unlining mavjudligi, singarmonizmning izchil saqlanishi. so’z boshida j (jon so’zidagi) undoshining (boshqa turkiy tillardi y yoki j) qo’llanishi va boshqalar. Morfologik belgilari boshqa turkiy tillardagiga o’xshash. Singarmonizm mavjudligi tufayli affikslarning fonetik variantlari ko’p. Qirg’iz adabiy tili shim. lahja asosida shakllangan bo’lib, uning leksikasida sof qirg’izcha va turkiy so’zlar qatlamidan tashqari mo’g’ul, rus, Arab va eroniy tillardan o’zlashgan so’zlar ham mavjud. Qirg’iz milliy yozuvi dastlab, 1924 yilda Arab alifbosi asosida, 1926 yildan lotin grafikasi asosida yaratilgan; 1940 yildan esa rus grafikasi asosidagi qirg’iz yozuvi joriy etilgan. Ad. Yunusaliev B. M., Kirgizskaya lek- sikologiya, Frunze, 1959; Batmanov I.A., Sovremenniy kirgizskiy yazik, VIP. 1, Frunze, 1963; Baskakov N. A.. Vvedenie v Izuchenie tyurkskix Yazikov, 2-izd., M., 1969; Kirgizsko-russkiy slovar (sost. K.K.Yudaxin), M» 1965.