Qatqaloq

Qatqaloq — 1) kuchli yog’inlar va sug’orishdan so’ng tuproq betida hosil bo’ladigan qattiq qatlam. O’rta Osiyoda sug’orma dehqonchilik rayonlarining deyarli barcha tuproqlari qatqaloqlanishga moyil. Bunga asosiy sabab, shu tuproqlarning haddan tashqari kam donadorligi va tuproq agregatlarining suvga juda ham chidamsizligidir. Yomg’irdan yoki sug’orishdan so’ng yerning ustki qavati ivib suyuladi, quriganda qotib Qatqaloq hosil qiladi va beti yorilib ketadi. Qatqaloq tuproq xossalari va qishloq xo’jalik ekinlari rivojiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, tuproqning suv o’tkazuvchanligi va havo almashinuvini sekinlashtiradi, shuningdek, tuproqdagi namning (20-30% gacha) bug’lanishini tezlashtiradi. Juda qalin Qatqaloq hosil bo’lgan dalalarda maysalarning unib chiqishi 3-5 kunga kechikadi va ko’chat soni siyraklashib ketadi. Qatqaloq hosil bo’lish jarayoni tuproqlarning mexanik tarkibi, turi, madaniy holati, sho’rlanganligi va boshqalarga bog’liq. Qatqaloq, ko’pincha, sug’oriladigan bo’z va cho’l tuproqlarida hosil bo’ladi. Uning qalinligi va qattiqligi tuproq mexanik tarkibining og’irlashuviga bog’liq. Ayniqsa, og’ir qumoqli, soz mexanik tarkibli taqirli, sur tusli qo’ng’ir tuproqlarda va taqirlarda Qatqaloq qalin hamda juda qattiq bo’ladi. Sho’rlanish hamda sho’rtoblanish Qatqaloq hosil qilishga moyillikni kuchaytiradi. Masalan, qo’riq va yengil qumoqli och tusli bo’z tuproqlarda q.ning qalinligi 0,3—0,5 santimetr, och hamda to’q tusli bo’z tuproqlarda 0,8—1,5 santimetr, kuchsiz sho’rlangan qumoqli va soz mexanik tarkibli taqirli tuproqlarda 2,4—4,5 santimetrni tashkil etadi; bir m2 yerdagi Qatqaloqning og’irligi 50-70 kilogrammgacha yetadi. Ekinzor dalalarga organik o’g’it solish, Siderat ekinlar ekish, kimyoviy meliorasiya o’tkazish, almashlab ekishni joriy etib, tuproqlarni donador qilish, sun’ii struktura hosil qiluvchi polimerlar, yer betini mulcha (parda)lovchi materiallar qo’llash va boshqalar chora-tadbirlarni amalga oshirish tuproqning fizik-kimyoviy xossalarini yaxshilaydi, Qatqaloqning oldini oladi. Nihollar unib chiqqunga qadar Qatqaloq paydo bo’lganda dala yengil boronalar yoki aylanuvchi chopqi (motiga) lar yordamida yumshatiladi. Qatqaloq ta’sirini kamaytirish uchun ekin qator oralariga tuproq yetilishi bilan ishlov berish (chopiq yoki kultivasiya qilish) kerak. 2) tuproq zarrachalari deyarli aralashmagan tuzlarning yer yuzida juda ko’p miqdorda to’planishi. Tuzli Qatqaloq qalinligi bir necha millimetrdan bir necha o’n santimetrgacha bo’ladi. Xodimat Maxsudov.