Qarshi universiteti

Qarshi universiteti — ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan, 1992 yil 15 martda qarshi pedagogika instituti (1956 yilda asos solingan) negizida Qarshi shahrida tashkil etilgan. Universitetda 13 fakultet (matematika va axborot texnologiyalari, fizika, kimyo-geografiya, iqtisodiyot, biologiya tuproqshunoslik, kasbiy ta’lim, tarix va o’zbek Filologiyasi, xorijiy tillar, pedagogika psixologiya, jismoniy madaniyat, sirtqi ta’lim, maxsus sirtqi ta’lim, malaka oshirish), 53 kafedra, 16 o’quv laboratoriya, 5 ilmiy laboratoriya, 8 ilmiy markaz, «yoshlar markazi», xalqaro aloqalar bo’limi, kutubxona (550 mingdan ortiq asar), bosmaxona bor (2005). Universitetda 31 yo’nalish (geografiya va iqtisodiy bilim asoslari; pedagogika va psixologiya; transport vositalarini ishlatish va ta’mirlash; yengil sanoat mahsulotlari texnologiyasi, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi; mashina texnologiyalari; mashina ishlab chiqarish jihozlari va avtomobil sozlash; muhandislik kommunikasiya qurilmalari; issiqlik energetikasi; musiqiy ta’lim; huquq va ma’naviyat asoslari; boshlang’ich ta’lim; jismoniy madaniyat; o’zbek tili; ingliz tili; frantsuz tili; nemis tili; rus tili; tarix; psixologiya; iqtisodiyot; moliya; biol.; fizika; astronomiya; kimyo; geografiya; matematika; amaliy matematika; informatika va axborotlash texnologiyasi; agrokimyo va agrotuproqshunoslik; ekologiya va tabiatdan foydalanish) bo’yicha bakalavrlar, 17 ixtisoslik bo’yicha magistrlar tayyorlanadi. 1993 yildan aspirantura faoliyat ko’rsatadi (9 mutaxassislik bo’yicha). 2004/05 o’quv yili untda 7300 talaba ta’lim oldi, 535 o’qituvchi, jumladan, 22 fan Doktori va professor, 169 fan nomzodi va dotsent ishladi. universitet faoliyati G.Xudoyberganov, M. Ochilov, O. Jo’raqulov, B. Aminov, Sh. Qurbonov, B. Hayriddinov, A.Vardiyashvilli, S.Mustafoev, D. To’rayev, P. Ravshanov, B.Yo’ldoshev, A. Jabborov va boshqalar professoro’qituvchilar nomi bilan bog’liq. Untda «qarshi universiteti» gazeta (1966 yildan), «Nasaf ziyosi» jurnali (2004 yildan) nashr etiladi. 2001 yildan noshirlik markazi faoliyat yuritadi; u universitet professor o’qituvchilarining monografiyalari, darslik, o’quv va uslubiy qo’llanmalarini nashrga tayyorlaydi. 2005 yilgacha universitet 40 mingga yaqin mutaxassis tayyorladi. Obod Jo’raqulov.