Qaytalovchi terlama

Qaytalovchi terlama — isitma xuruj qilishi (temperatura ko’tarilishi) bilan kechadigan o’tkir yuqumli kasallik. Bit orqali yuqadigan (epidemik) va kana orqali tarqaladigan (endemik) xili farq qilinadi. Bitdan yuqadigan qaytalovchi terlamani odam va bit organizmida parazitlik qiluvchi spiroxetalar qo’zg’atadi. Odamga kasallik faqat bit orqali yuqadi. Qaytalovchi terlama bilan og’rigan bemorning qonini so’rgan bit spiroxetalarni yuqtiradi. Kasallik odamga bitnitirnoq ustiga qo’yib o’ldirganda yoki bitdagi spiroxetalar terining qashib shilingan joyiga tushganida yuqadi. Kasallikning inkubasion davri 7— 8 kun. Kasallik to’satdan boshlanib, et uvushadi, gavda temperaturasi ko’tariladi (39-40°). Bosh va muskullar og’rig’i, uyqusizlik, qusish, ba’zan meningial alomatlar ham kuzatiladi; jigar va taloq kattalashadi. 5-8 kundan so’ng gavda temperaturasi me’yoriga keladi, oradan 1-2 hafta o’tgach, isitma xuruji takrorlanadi. Kasallik goh yengillashib, goh tez-tez xuruj qilib turadi. Odatda, 4-5 ta xuruj bo’ladi. Bemor yuqumli kasalliklar kasalxonasida davolanadi. Diagnoz barmoqdan qon surtmasi yo’g’on tomchi usulida olib tekshirilganida spiroxetalar topilganiga qarab qo’yiladi. Spiroxetalar taloqda juda ortib ketgan hollarda u yorilib ketadi va peritonit ro’y beradi. Oldini olish bitga qarshi kurashish, kasallikni o’z vaqtida aniqlab, bemorni kasalxonaga yotqizish va boshqalardan iborat. Kanadan yuqadigan qaytalama terlama. Spiroxetalar qo’zg’atadi. Kemiruvchilar (sichqon, kalamush va boshqalar) kasallik qo’zg’atuvchisining manbai hisoblanadi. Odamga kasallik kana orqali yuqadi. Kasallikning bu turiga ham isitma xuruji xos. Klinik belgilari bitdan yuqadigan qaytalovchi terlamaga o’xshash. Kasallikning bu turida ham bemor kasalxonada davolanadi. Oldini olish uchun odamlarni kana chaqishidan saqlash, kanalarni yo’qotish lozim. Shonosir Shovahobov.