Qilichniyozboy

Qilichniyozboy – Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm viloyati, Turkmanistonning Toshhovuz viloyati hududidan o’tadigan davlatlararo kanal. Amudaryodan suv oladi. Ikki tarmoq Qilichniyozboy va Gurlandan iborat. Umumiy uzunligi tarmoqlari bilan birga 102 kilometr. Bosh qismida suv o’tkazish imkoniyati 120 m3/s. Kanal va uning shoxobchalari 1939-42 yillarda hashar yo’li bilan qurilgan. Keyingi yillarda bir necha marta rekonstruktsiya qilingan. 1965 yilda magistral kanalning yangi bosh uchastkasi qurildi. 1969 yilda kafolatli suv olish uchun uzunligi 7 kilometr, suv sarfi 120 m3/s bo’lgan to’yintiruvchi kanal — Turangasoqa qazildi. Qilichniyozboy 70 ming gektarga yaqin yer (shundan 20,7 ming gektar Gurlan tumanida, 16,7 ming gektar Qoraqalpog’istonning Amudaryo tumanida, 26,2 ming gektar Toshhovuz viloyatida)ni sug’oradi.