Qizil armiya

Qizil armiya — sovet hokimiyati harbiy kuchlarining 1918-46 yillardagi rasmiy nomi. Dastlab Rossiya Ishchidehqon qizil armiyasi deb nomlangan. 1918 yil Fevralda tashkil topgan. Rossiyadagi fuqarolar urushi davrida Qizil armiyaning soni keskin ravishda ortib, 1918 yil oxirida 3 million 1920 yil kuzida 5,5 million kishiga yetgan. Keyinchalik qizil askarlarning miqdori ancha kamaytirilsa ham u dunyodagi eng katta armiyalardan biri sifatida o’z mavqeini saqlab qolgan. Ikkinchi jahon urushi davrida fashizmga qarshi kurashda Qizil armiya asosiy rol o’ynagan. 1946 yilda u sovet armiyasiga aylantirilgan. Qizil armiya Turkiston mintaqasida sho’rolar hokimiyatini zo’ravonlik bilan o’rnatish va saqlab qolishda «faollik» ko’rsatgan. Qizil armiyaning Xivaga qilgan hujumi va Buxoro bosqini natijasida mintaqa to’la ravishda sovetlashtirilgan. Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat ishtirokchilari Qizil armiya otryadlariga qarshi mardonavor kurashsalarda, 1935 yilda ular butunlay mag’lubiyatga uchrashgan. Ad.: Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000.