Qizilcha

Qizilcha — o’tkir virusli kasallik; yuqori nafas yo’llari, ko’z va burun shilliq qavatlarining yallig’lanishi, teriga turli toshmalar toshishi va limfa bezlarining kattalashishi bilan kechadi. Dastlab Qizilchani qizamiqdan farq qilishmagan, 1881 yildan u alohida kasallik deb hisoblana boshlandi. Qizilchani ruboviruslar oilasiga mansub rayonKvirusi qo’zg’atadi. Havotomchi yo’li orqali yuqadi. Ayniqsa, homiladorlikning dastlabki davrlarida yuqishi xavfli hisoblanadi. Bemor yo’talganda, aksirganda, gaplashganda balg’ami, so’lagi tarkibidagi virus havoga tushadi, so’ngra sog’lom odamning nafas yo’llari orqali uning organizmiga kiradi. Qizilcha barcha yoshdagi kishilarda, asosan, bolalarda uchraydi. Kasallikning inkubasion (yashirin) davri 14-21 kun. Bolalarda kasallik asosan yengil kechadi. Gavda harorati bir oz ko’tariladi, qizamiqdagiga o’xshash toshma toshadi, kattaroq yoshdagi bolalarda bo’yin va quloq sohasidagi limfa bezlari kattalashadi, bo’g’imlar og’rishi mumkin. Ba’zan entsefalit va trombositopeniya rivojlanadi. Ko’pincha Qizilcha klinik alomatlarsiz kechadi, lekin bunda atrofdagilarga yuqish xavfi saqlanib qoladi. Virus homilador ayolga yuqqanida — tug’iladigan bola tug’ma yurak porogi, ko’r, kar, mittibosh, aqli zaif holda tug’ilishi mumkin — bu xastaliklar majmui «tug’ma qizilcha sindromi» deb nomlanadi, ular tug’ma nogiron hisoblanadi. Bemorni vrach uyda davolaydi. Bolaga tinch va osoyishta sharoit yaratish, yengil hazm bo’ladigan ovqatlar berish tavsiya etiladi. Oddini olish uchun bola 12-15 oyligida (1-bor), keyin 6 yoshida (2-bor) Qizilchaga qarshi vaktsina bilan emlanadi. Eng muhimi kasallangan bolani sog’lom bolalardan o’z vaqtida ajratib qo’yish zarur.