Qizilsoy

Qizilsoy — Qashqadaryo viloyatidagi soy. Havzasida qizg’ish tusli gil yotqiziqlari tarqalganligi uchun Qizilsoy deb ataladi. Uzunligi 15 kilometr. Hisor tog’larining Janubiy g’arbiy yon bag’ridan (2600 metr) boshlanadi. Ohaktosh, qumtosh, gips, gil va lyossimon jinslardan tuzilgan. Qizilsoy vodiysining yon bag’irlari qiya va tekis, qoyali yon bag’irlari juda kam. Vodiysida archa o’rmonlari, zirk va itburun butalari, bug’doyiq, shuvoq va efemerlar o’sadi, o’tloqlar bor. Bahorda suvi ko’payadi. Qor, yomg’ir suvlaridan to’yinadi. Suvi ekin maydonlarini sug’orishga sarflanadi. Soy vodiysi chorva uchun yaylov.