Qishki saroy
Qishki saroy – Sankt-Peterburg shahridagi me’moriy yodgorlik (1754-62, me’mori V.V.Rastrelli); barokko uslubida qurilgan. 1917 yilgacha Rossiya imperatorlarining qarorgohi bo’lgan; 1918 yilda qisman, 1922 yilda butunlay bino Ermitaj ixtiyoriga berilgan. Bino to’rtburchak shaklida ichki hovlili; tarzlari Neva daryosi, Admiralteystvo hamda Saroy maydoniga qaragan. Mahobatli bino hashamdor va bir o’q yo’nalishida joylashgan; o’lchamlari (1000 dan ortiq xona) va turlicha ko’rinishdagi tarzlari, o’tkir chiqib turgan qismlar, zinapoyasimon burchaklar, o’zgaruvchan maromdagi ustunlar unga qudratli shakl, salobatlilik va ko’rkamlik baxsh etgan; o’ymakorlik, ganchkorlik bilan ishlanib, zarhallanganligi binoning tantanavorligini oshirgan. Intererlari bir qancha marotaba qaytadan o’zgartirilgan (masalan, 1837 yildagi yong’indan so’ng tarzlari va tantanalar zali ta’mirlangan).