Qiyosiy-tarixiy metod

Qiyosiy-tarixiy metod, komparativizm (tilshunoslikda) — til oilalari va guruhlarini, shuningdek, ayrim olingan tillarni tarixiy-genetik o’rganish usullari va tartiblari majmui; qiyosiy-tarixiy tilshunoslikda tillar rivojlanishining tarixiy qonuniyatlarini belgilash uchun qo’llanadi. Ushbu metod til tarixini bilishning eng muhim vositasidir. Qiyosiy-tarixiy metod yordamida genetik jihatdan o’zaro yaqin tillarning diaxronik tadrijiy rivojlanishi ularning kelib chiqish manbai bir ekanligini isbot qilish asosida o’rganiladi. Qiyosiy-tarixiy metodning asosiy maqsadi jahondagi qarindosh tillar ichidagi ayrim oila va guruhlarning bobo til holatidagi qolipi (qiyofasi)ni, ularning keyingi davrlardagi rivojlanishi va mustaqil tillarga ajralishi jarayonini qayta tiklash (aslidagiday «tiriltirish»), shuningdek, u yoki bu genetik birlikka mansub tillarning qiyosiy-tarixiy tavsiflari (grammatikalari va lug’atlari)ni tuzishdan iborat. Shuni ham aytish kerakki, Qiyosiy-tarixiy metodning dastlabki belgilari Sharq filologiyasida — M. Koshg’ariy, M. Zamaxshariy, A.Navoiy va boshqalarlarning asarlarida kuzatiladi. Metodning asosiy usullari quyidagilar: lisoniy ma’lumotlarning genetik mansubligini aniqlash, qiyoslanayotgan tillarning turli sathlaridagi o’xshashliklar va noo’xshashliklar tizimini belgilash, dastlabki bobo til shakllarini modellashtirish, lisoniy hodisalar va holatlarning xronologik va mintaqaviy tarqalish chegarasini belgilash va shu asosda amalga oshiriladigan tillarning genealogik tasnifi. Qiyoslash lisoniy tadqiqotning universal usuli bo’lish bilan birga Qiyosiy-tarixiy metodda ham asosiy, ustuvor usul hisoblanadi. Ushbu metodning eng muhim belgisi tilning barcha sathlaridagi o’xshashliklarni aniqlash yo’li bilan amalga oshiriladigan rekonstruktsiya (qayta tiklash) tartibi (usuli)dir. Qiyosiy rekonstruktsiya (har xil tillardagi muayyan hodisalarni qiyoslash asosida bo’ladigan) va ichki rekonstruktsiya (bir til doirasidagi turli davrlarga mansub lisoniy hodisalarni taqqoslash bilan bo’ladigan) o’zaro farqlanadi. Qarindosh tillar tizimining tarixiy rivojlanish qonuniyatlarini belgilashda Qiyosiy-tarixiy metod fonetikfonologik va morfologik sathlarda eng yuqori samaralarga erishadi. Bunda qiyoslash asosini tanlab olish muhim rol o’ynaydi. Odatda, bunday asos eng qadimiy yozuv an’anasiga ega bo’lgan til hisoblanadi. Hind-yevropashunoslikda bunday rolni uzoq yillar qadimiy hind adabiy tili — sanskrit o’ynagan. Zero, Qiyosiy-tarixiy metod ham sanskritda yozilgan matnlar tilini Yevropa tillariga qiyoslash va ular orasida o’xshashlik borligini aniqlash natijasida 19-asrning boshlarida maydonga kelgan (hozirgi bir qator tadqiqotlarda sanskrit o’rnini xettluviy tillari egallagan). Lisoniy tadqiqotlarning zamonaviy qiyosiytarixiy metodikasi tipologik, kvantitativ (miqdoriy), ehtimollik, filologik va modellash- tirish kabi metodlarning usullaridan ham keng foydalanadi. Tillarni tarixiy o’rganishning lingvogeografik yoki areal usullari Qiyosiy-tarixiy metodning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ular bobo til davridagi umumiyliklarning dialectal bo’linish manzarasini qayta tiklashga va tillararo areal aloqalarni aniqlashga xizmat qiladi. Qadimiy yozma yodgorliklari bo’lmagan til guruhlari yoki oilalarida esa Qiyosiy-tarixiy metod hozirgi tillar va lahjalarning ma’lumotlariga tayanadi. Ad.: Meye A., Sravnitelnny metod v istoricheskom yaznkoznanii, Per. s Frans., M., 1954; Voprosn metodiki sravnitel-noistoricheskogo izucheniya indo-yevropeyskix yaznkov, M., 1956; Makaev E.A., Obshaya teoriya sravnitelnogo yaznkoznaniya, M., 1977; Semereni O., Vvedenie vsravnitelnoe yaznkoznanie, Per. s nem., M., 1980; Reformatskiy A.A., Vvedenie v yaznkovedenie, M., 1998. Abduvahob Madvaliev, Gavhar To’xliyeva.