Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik

Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik, qiyosiy tilshunoslik, komparativistika — tilshunoslikning qarindosh tillarni, ya’ni genetik jihatdan o’zaro bog’liq tillarni o’rganuvchi, ular o’rtasidagi munosabat-larni aniqlovchi hamda ularning zamon va makon bo’yicha tadrijiy taraqqiyotini tavsiflovchi sohasi; til oilalarining, shu tizimlardagi ayrim tillar va elementlarning kelib chiqishini aniqlash, jumladan, tillar o’rtasidagi genetik qarindoshlikni — ularning yagona bir manba (bobo til)dan kelib chiqqanligini aniqlash (tillarning genealogik tasnifi) ham Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning maqsadlari doirasiga kiradi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik tillar tarixini qayta tiklash (rekonstruktsiya qilish) da asosiy tadqiqot vositasi sifatida qiyosiy-tarixiy metoddai foydalanadi; tadqiqotning eng umumiy shakli — (eng avvalo fonetikani qamrab oladigan) qiyosiy-tarixiy grammatikalar va (leksikani namoyon etuvchi) etimologik lug’atlar tuzishdan iborat. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik tavsifiy yoki sinxronik tilshunoslik, me’yoriy va umumiy tilshunoslikka qarshi turib, ularni inkor etadi; shu bilan birga, u bir qancha masalalarda tavsifiy tilshunoslik bilan ham, umumiy tilshunoslik bilan ham o’zaro aloqada, bog’liqliqda bo’ladi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikda qo’llanuvchi qiyosiy-tarixiy metodning asosiy tadqiqot usullari quyidagilardir: 1) tashqi (qiyosiy) rekonstruktsiya (tor ma’nodagi qiyosiy-tarixiy metod) — qarindosh tillardagi genetik jihatdan teng, o’xshash so’z va morfemalarni qidirib topish va bobo tildagi izchil tovush o’zgarishlarining qarindosh tillardagi natijalarini aniqlash; bobo tilning taxminiy-faraziy modelini yaratish va keyinchalik undan kelib chiqqan avlod tillarning aniq morfemalarini tiklash qoidalarini tuzish; taqqoslanayotgan tillar o’rtasidagi mosliklar tizimini (fonetika, morfologiya, sintaksis, leksika, frazeologiyada) aniqlash va shu asosda tillarning qarindoshligini belgilash va boshqalar; 2) ichki rekonstruktsiya — ayrim olingan bir til tizimida ushbu til tarixining ancha ilk bosqichlarida ba’zi bir elementlarning mavjud bo’lganligi haqida aniq guvohlik beruvchi hodisalar va o’zaro munosabatlarni aniqlash; ayrim bir tildagi eng qadimiy shakllar bilan eng yangi shakllarni o’zaro taqqoslash; 3) o’zlashma (rekonstruktsiya qilinayotgan tillarga o’zlashgan yoki shu tillardan boshqa tillarga o’zlashtirilgan) so’zlar tahlilidan ma’lumotlar chiqarib olish; 4) toponimika materiallaridan ma’lumotlar chiqarib olish va boshqalar amalga oshirilgan rekonstruktsiyalar til tizimining barcha tomonlarini: fonologiya, morfonologiya, morfologiya, leksika, qisman sintaksisni qamrab oladi. Biroq ushbu rekonstruktsiyalarni tarixan aniq bir bobo til bilan bevosita tenglashtirib bo’lmaydi, ular tarixiy haqiqat bo’lmish bobo til haqidagi mavjud ma’lumotlarni modellashtiradi, xolos; ushbu ma’lumotlar ba’zi ob’yektiv sabablarga ko’ra barcha avlod tillarda yo’qolib ketgan morfemalar hamda fonemaviy ziddiyatlarni aniq rekonstruktsiya qilish imkoniyati yo’qligidan, muqarrar ravishda to’liq, mukammal bo’la olmaydi; bir qator rekonstruktsiyalar taxminiy-faraziy holatda bo’ladi. Tillarni tarixiy taraqqiyotsiz qiyoslash, tarixiy qiyoslashdan farqli ravishda, qarindosh va noqarindosh tillarni chog’ishtirish deb atalib, u avvaldan Yevropaning antik davrida (yunon va lotin tillarini chog’ishtirish), qadimiy Hindistonda (sankrit bilan prakritlarni — o’rta hind tillarni chog’ishtirish), 11-12-asrlar Sharq tilshunosligida (M.Koshg’ariy va M.Zamaxshariy lug’atlarida qarindosh va noqarindosh tillar lug’aviy birliklarning chog’ishtirilishi) mavjud bo’lgan. Chog’ishtirma tilshunoslik 17-18-asrlarda Yevropadagi va dunyoning boshqa mintaqalaridagi turli-tuman qarindosh tillar bo’yicha tadqiqot materiallarining to’plana borishi bilan yanada rivojlanadi va Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning paydo bo’lishiga zamin hozirlaydi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning, eng avvalo, uning mag’zi bo’lmish qiyosiy-tarixiy grammatikaning paydo bo’lishini odatda 18-asr oxirida yevropalik tilshunoslarning sanskrit bilan tanishuvlariga bog’liq deb hisoblaydilar [masalan, nemis olimi F.Shlegelning «hindlarning tili va donoligi» (1808) asari, ingliz olimi U. Jounzning sanskrit bilan «klassik tillar» (yunon va lotin) orasida qarindoshlik borligi haqidagi fikrlari va boshqalar]. Lekin Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka asos soluvchi asarlar 19-asrning 1-choragida maydonga keldi. Nemis tilshunosi F.Boppning «sanskrit tilining tuslanish tizimi haqida va uni yunon, lotin, fors va german tillaridagi tuslanish tizimiga qiyoslash» (1816) va 3 jildli «sanskrit, Zand (Avesto), arman, yunonlotin, Litva, eski slavyan, got va nemis tillarining qiyosiy grammatikasi» (1833-52) asarlari hamda Daniyalik olim R.K.Raskning «Qadimgi Shimol tili sohasidagi tadqiqot yoki Island tilining kelib chiqishi» (1818) asari qiyosiy tilshunoslik sohasidagi dastlabki jiddiy tadqiqotlardir. Shuni aytish kerakki, F.Bopp va R.K.Rask bir-birlarining tadqiqotlaridan bexabar holda, mustaqil ravishda qiyosiy tilshunoslikka asos soladilar. Nemis tilshunosi ya.Grimm esa o’zining 4 jildli «Nemis grammatikasi» (1819-37) va 2 jildli «nemis tili tarixi» (1848) asarlari bilan Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka ma’lum hissa qo’shib, tilshunoslik metodologiyasiga tarixiylik tushunchasini kiritadi. Rus tilshunosi A.X. Vostokov o’zining «Slavyan tili haqida mulohazalar» (1820), 2 jildli «Cherkovslavyan tili lug’ati» (1858-61) bilan, Chex tilshunosi yildobrovskiy esa «qadimgi slavyan tili grammatikasi» (1822) va boshqalar asarlari bilan Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning slavyanshunoslik tarmog’ini asoslab, uni rivojlantirdilar. Shunday qilib, F. Bopp, R.K .Rask, Ya.Grimm, A.X.Vostokovlar Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik va bu tilshunoslikning ilmiy tekshirish metodi bo’lgan qiyosiy-tarixiy metodga asos soldilar. Grimm va nemis olimi A.Pott esa Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asosi bo’lgan qiyosiytarixiy fonetikani fan sifatida amaliyotga kiritdilar. Bobo tilni rekonstruktsiya qilish yo’lidagi dastlabki jiddiy urinishlar 19-asr o’rtalarida nemis olimi AShleyxer tomonidan amalga oshirilgan. Tillarning yozuvgacha bo’lgan tarixi materiallarini, eng avvalo fonemalarni, dalillar asosida rekonstruktsiya qilishning aniq metodikasi (daniyalik K.Vernerning, nemis olimi K.Brugman boshchiligidagi «yosh grammatikachilar»ning, F.de Sossyur va boshqalarlarning asarlarida) 19-asrning so’nggi choragida ishlab chiqilgan; ushbu metodika hozirgi Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning ham asosi hisoblanadi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning yangi bosqichi A. Meye, frantsuz olimi A.Benvenist, daniyalik X.Pedersen, polyak olimi E. Kurilovich, italiyalik V.Pizani, rus olimlari A.V.Beleskiy, A.V.Desniskaya, V.M.Illich-Svitich va boshqalarning nomlari bilan bog’liq. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik fani Hindistondan Yevropagacha bo’lgan o’zaro qarindosh tillarni qiyoslash va eng qadimiy shakllarni tiklashga urinish asosida yaratilganligi uchun ba’zan hindevropa tilshunosligi deb ham atalgan. Hind-yevropa tillari qarindoshligini o’rganish va german tillarini tadqiq qilishdan tashqari 19-asrning 2-yarmidan boshlab slavyanshunoslik, boltiqshunoslik, romanshunoslik (romanistika), eronshunoslik, keltshunoslik, hindshunoslik, somshunoslik (semitologiya) ham Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning keng rivojlangan sohalari hisoblanadi. 20-asrning 1-yarmida mazkur sohalar bilan bir qatorda hind-yevropa tillarining boshqa guruhlarini qiyosiytarixiy o’rganish, Ural tilshunosligi (ayniqsa finugorshunoslik), turkiyshunoslik, mo’g’ulshunoslik ham keng rivojlandi. Qiyosiytarixiy jihatdan muvofiqligi o’rganilayotgan tillar doirasi kengayib bormoqda (tungusmanjur, dravid, kartvel, xitoytibet, avstronez tillari, Afrikadagi somhom tillari, bantu tillari, indeys tillarining bir qancha guruhlari va boshqalar). Uzoq qarindosh tillarni (nostratik tillar, Amerika, Afrika, Okeaniyadagi tillarning makrooilalarini) o’rganish rivojlanmoqda. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik bo’yicha tadqiqotlarning natijalari tillarning genealogik tasnifiga asos bo’lib, etimologiya va lingvistik paleontologiyaning ilmiy poydevori hisoblanadi; tarixchilar uchun esa xalqlar etnogenezi, ularning yozuvga qadar bo’lgan tarixi, qadimiy xalqlar madaniyati va o’zaro aloqalari haqidagi lingvistik ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik 19-asr — 20-asr boshlarida, asosan, Germaniya, Avstro-Vengriya va Skandinaviya mamlakatlarida rivojlangan bo’lsa, keyingi paytlarda bu tilshunoslik Rossiya (SSSR), AQSh, G’arbiy Yevropa, Finlyandiya, Shvetsiya, Vengriya, Yaponiya, Hindiston va boshqalar mamlakatlarda ham taraqqiy etmoqda. Turkiyzabon davlatlarda ham Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka qiziqish kuchayib bormoqda, qarindosh va noqarindosh tillarni o’zaro qiyosiy o’rganishga, lug’aviy, morfologik birliklarning tarixiy shakllarini aniqlashga e’tibor berilmoqda. Xususan, O’zbekistonda o’zbek-qoraqalpoq, o’zbek-turkman, o’zbek-qozoq, o’zbek-tojik, o’zbek-rus tillarini, Qozog’istonda qozoq-o’zbek, qozoq-mo’g’ul tillarini qiyosiy o’rganish bo’yicha muayyan izlanishlar olib borilgan. Ad.: Tomsen V., Istoriya yazikoznaniya do kontsa XIX veka, M., 1938; Meye A., Vvedenie v Sravnitelnoe Izuchenie indoevropeyskix yaznkov, 3 izd., Per. S frann., M. — L., 1938; Desniskaya A.V., Voprosm izucheniya rodstva indoevro- peyskix yaztskov, M. — L., 1955; Voprosn metodiki sravnitelnoistoricheskogo izucheniya indoevropeyskix yazjov, M., 1956; Georgiev V.I., Issledovaniya po sravnitelnoistoricheskomu yaznkoznaniyu, M., 1958;. Paul G., Printsipn istorii yazmka, Per. s nem., M., 1960; Loya Ya.V., Istoriya lingvisticheskix ucheniy, M., 1968; Usmonov S, umumiy tilshunoslik, T., 1972; Illichsvitnch V.M., Opnt sravneniya nostraticheskix yaznkov, t. 1— 3, M., 197184; Semereni O., Vvedenie v Sravnitelnoe yaznkoznanie, Per. s nem., M., 1980; Sravnitelnoistoricheskoe izuchenie yazjov raznnx Semey. Sovremennoe sostoyanie i problemi, M., 1981. Abduvahob Madvaliev, Gavhar To’xliyeva.