Qizamiq, gul

Qizamiq, gul — o’tkir yuqumli kasallik; gavda temperaturasining ko’tarilishi, umumiy intoksikatsiya, yuqori nafas yo’llari va ko’z shilliq pardasining yallig’lanishi hamda badanga qizil, yirik dog’li toshmalar toshishi bilan kechadi. Qizamiq yer yuzida eng keng tarqalgan infektsiyalardan, unga barcha yoshdagi kishilar, asosan, yosh bolalar beriluvchan bo’ladi. Kasallik mavsumiy bo’lib, kuz-qish va bahorda ko’proq uchraydi. Infektsiya manbai faqat kasallangan odam hisoblanadi, sog’lom kishi organizmiga virus nafas yo’llari orqali tushadi. Kasallikdan keyin umr bo’yi saqlanadigan immunitet qoladi. Chaqaloqlar (passiv immunitet tufayli) Qizamiq bilan og’rimaydi. Organizmga yuqori nafas yo’llari shilliq pardalari, ko’z kon’yunktivasi va boshqalar orqali kirgan Qizamiq virusi u yerda ko’payib, keyin qonga tushadi. Kasallik bosqichma-bosqich kechadi, inkubatsion (yashirin) davri 9-11 kun; undan so’ng prodromal (boshlang’ich, kataral) davr 3-4 kun davom etadi. Kasallik boshlanishida gavda temperaturasi 39° gacha ko’tariladi, yuqori nafas yo’llari va ko’z kon’yunktivasi qizaradi, bemor quruq yo’taladi, tumov bo’ladi, qo’zi qizarib yoshlanadi, yorug’likka qaray olmaydi, tovushi bo’g’ilib qoladi, yuzi kerikadi. Bola bezovta bo’ladi, uyqusi buziladi, ishtahasi yo’qoladi, holsizlanadi, ba’zan ich ketishi, qorinda og’riq, og’irroq hollarda umumiy intoksikasiya, talvasalar, eshushni yo’qotish alomatlari ro’y berishi mumkin. Prodromal davrning 2 — 3 kuni lunj shilliq qavatida qizil gardish bilan o’ralgan mayda, nuqtasimon, oq dog’lar paydo bo’ladi, bu Qizamiqqa xos belgi (Belskiyfilatovkoplik dog’lari). Ular toshma toshishidan 2-3 kun oldin ko’rinib, toshma toshganidan 1 — 2 kun o’tgach yo’qoladi. Yumshoq va qattiq tanglayning shilliq pardasida mayda qizil dog’lar — enantema paydo bo’ladi. Toshma toshish davrida (bu davr 3-4 kun davom etadi) bemor qattiq isitmalaydi, tomog’i qizaradi, keyin o’ziga xos qizil, yirik toshmalar toshadi; u dastlab quloq orqasi, lunj, peshona va burunga toshadi, keyin yuz, badanga, qo’loyoqqa tarqaladi. Toshmalarning bosqichmabosqich toshishi Qizamiqda muhim diagnostik ahamiyatga ega. Yuzdagi toshmalar qoraya boshlaydi va jigarrang dog’larga aylanadi, ular 7-10 kun saqlanadi. Teri, ayniqsa, yuz, qo’l kafti va oyoq tagi quruqshay boshlaydi; toshma o’rni qovjirab, mayda po’st tashlashi mumkin, gavda temperaturasi pasayib, bola asta-sekin tetiklanadi. Kasallik bilinarbilinmas yengil kechishi zotiljam, ichki kasalliklar, o’rta quloqning yallig’lanishi (otit) va boshqalar asoratlar yuzaga kelishi ham mumkin, bunda darhol vrachga murojaat qilish kerak. Oddini olish uchun bemorni sog’lom bolalardan ajratib qo’yish zarur. Qizamiqqa qarshi emlash muhim ahamiyatga ega. 1967 yildan boshlab respublikada Qizamiqqa qarshi yoppasiga emlash joriy etilgan, shu bois kasallik ahyonda bir kuzatiladi. Qizamiq bilan og’rigan bolalar uyda, og’irroq hollarda, asorat qolganida kasalxonada davolanadi. Asosiy ahamiyat kompleks davolash chora-tadbirlariga qaratiladi. Sanitariya-gigiena sharoitlarini yaxshilash, bemor bo’lgan xonaning havosini tez-tez almashtirib turish va to’la-to’kis ovqatlanishiga e’tibor berish zarur.