Qizbibi majmuasi

Qizbibi majmuasi — Buxoro viloyati (Jondor tumani)dagi me’moriy yodgorlik (16— 18-asrlar); Buxoro shahridan 30 kilometr g’arbda joylashgan. Majmua «Bibi Maxsumai pok» nomiga sazovor bo’lgan Og’oyi Buzurg — Qizbibi nomli mashhur qizning nomi bilan bog’liq. Majmuaning umumiy tarhi to’rtburchakka yaqin, umumiy maydoni 0,5 gektar. Shimol va Janub hovlilar atrofida joylashgan darvozaxona, hujralar, ayvonli masjidxonaqoh, maqbara, quduq, hammom hamda shim.dagi xoli turgan binolardan iborat; hovli sahni pishiq g’ishtlar bilan qoplangan. Majmuaga peshtoqgumbazli darvozaxona (tarhi 4,3×4,4 metr) orqali kiriladi; darvozaxona old tomonining ikki yoniga simmetrik yordamchi xonalar (2,1×1,8 metr) qurilgan; darvozaxona yo’lak (0,8×3,1 metr) orqali g’arbiy tomondagi xonalar bilan bog’langan: ularning biri maqbara, ikkinchisi chillaxona vazifasini o’tagan; darvozaxonadan keng hovli (19×17 metr) ga o’tiladi. Hovlining shimoliy tarafida kichikroq, darvozaxonaning chap yonida yirikroq hujralar joylashgan. G’arbiy tomondagi hujralar o’rtasida keng supa, hammom, quduq mavjud. Hovlida majmuaning bosh mahobatli binosi — masjidxonaqoh (8,2×8,2 metr) qad ko’targan, u peshtoqgumbazli bo’lib, uning bosh peshtog’i hovlining Sharq tarafidagi Qizbibi maqbarasiga qaragan. Tashqi tarafidan masjidxonaqohning 3 ta burchaklariga guldastalar ishlangan; mehrob tomondagi 2 o’tish ravog’i uni hammom bilan bog’lagan. Xonaqohning Janubda 9 ustunli ayvon (10,7 x 11,6 metr) joylashgan. Majmuaning shimoldagi hovli (33×9 metr) sahni masjid sahni bilan barobar. Masjid bilan maqbara o’rtasidagi hovli (23×9 metr) shimoliy hovlidan 60 santimetr past. Hovlining Sharqiy tomoni (masjid ro’parasi)da qurilgan Qizbibi maqbarasi ikki xonadan iborat: shimoliy xona (4×2,8 metr) Balxiy gumbaz, sag’anali xona (4,8×4,9 metr) oddiy gumbaz bilan yopilgan, bezaksiz; faqat tashqi tarzining ba’zi joylari ganch suvoq qilingan; maqbaraning g’arbiy tomoniga ayvon tutash. Majmuadagi binolardan faqat masjid ayvonigina yog’och o’ymakorligi, yig’ma bo’laklar orasiga qadalgan shishalar, tekis shiftdagi girih naqshlar bilan ziynatlangan. Majmuaning shimoliy Sharqiy qismida darvozaxona bilan maqbara oralig’iga keyinchalik oshxona, otxona va boshqalar yordamchi xonalar qurilgan (ular saqlanmagan). Majmuadan tashqarida, darvozaxonadan oldinroqda ham bir bino bo’lib, u chillaxona vazifasini o’tagan. Unda ruhiy kasallikka chalinganlar davolangan. Qizbibi (Og’oyi Buzurg) ziyoratiga, dardlariga shifo izlab, asosan, ayollar kelgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra majmua (ayniqsa, chillaxona)ga faqat ayollar kirishi mumkin bo’lgan. Qizbibi majmuasi keng qamrovli vazifalarni o’tagan, anchagina murakkab tuzilishga ega bo’lgan me’moriy majmua namunasidir. Xayrulla Po’latov.