Qizilmiya, shirinmiya

Qizilmiya, shirinmiya — dukkakdoshlarga mansub ko’p yillik ildizpoyali begona o’t. Poyasi sershox, dag’al, bo’yi 40— 150 santimetr, tik o’sadi. Barglari murakkab, toq patsimon, uzunchoq. Gullari binafsha rang, shoda to’pgulga yig’ilgan. Mevasi cho’zinchoq dukkak. Aprel iyunda gullab mevalaydi. Urug’i va vegetativ usulda ildizpoyalaridan ko’payadi. Ildiz sistemasi kuchli rivojlanadi, 3 metr chuqurlikkacha kirib boradi. Ildizpoyalaridan yer usti novdalari hosil bo’ladi, urug’i qattiq qobiqli, 30-35° temperaturada ko’karadi. O’rta Osiyoning hamma rayonlarida, jumladan, Toshkent, Farg’ona, Qashqadaryo viloyatlarida tarqalgan. Hamma chopiqtalab ekinlar, ayniqsa, beda va donli ekinlar orasida uchraydi, sug’orish kanallari bo’ylari, ariq yoqalari, bog’ va uzumzorlarda o’sadi. Kurash choralari: yerni haydashda ildiz qoldiqlarini yo’qotish; nihollari paydo bo’lgach, ekin qator oralariga chuqur ishlov berish; don ekinlariga Gerbitsidlar purkash.