Qizil volchanka, qizil yuguruk

Qizil volchanka, qizil yuguruk — kollagenozlar guruhiga mansub kasallik. Kasallikning kelib chiqishi hozircha noma’lum, lekin uning paydo bo’lish sabablarini tushuntiruvchi bir qancha nazariyalar (infektsion, irsiy va sil kasalligi bilan bog’liq) mavjud. Qizil volchanka ko’proq tashqi muhit omillari (quyosh nuri, sovuq, shamol va boshqalar) ta’sirida bo’ladigan kishilarda uchraydi, asosan yozda qo’zib turishi bilan ifodalanadi. Qizil volchanka turli xil dorilar (antibiotiklar, sulfanilamidlar), infektsion agentlar (streptokokk va viruslar) hamda atrof muhitning noxush omillari (radiasiya va boshqalar) ta’sirida yuzaga chiqadi; irsiy tabiatga ega bo’lishi ham mumkin. Xavfsiz kechadigan teri xili (1-xili) va biriktiruvchi to’qima hamda tomirlarni sistemali zararlaydigan (2-xili) xillari bor. Kasallikning sistemali shaklida teri bilan birga ichki a’zolar ham zararlanadi; Qizil volchanka odamlarning yuz qismida qo’proq uchraydi, lekin toshmalar terining turli sohalariga toshishi, kasallikning 1-xili 2-siga o’tishi ham mumkin.