Qizilqum qo’riqxonasi

Qizilqum qo’riqxonasi — Buxoro viloyatida Amudaryoning o’rta oqimida, daryoning ikkala sohilida joylashgan. Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 10311 gektar, shu jumladan, o’rmon bilan qoplangan maydon 5338 gektar, 800 gektar maydoni qumli cho’l, 1883 gektar to’qayzor. Daryo sohillari bo’ylab shimoli g’arbdan Janubi sharqqa 30 kilometrga, sharqdan g’arbga 3 kilometrga cho’zilgan. Vazifasi qo’riqxona hududidagi o’simlik va hayvonot olamini o’rganish, ilmiy tekshirish ishlarini olib borish va boshqalar qo’riqxona to’qayzor va qumli cho’llardan tashkil topgan. Iqlimi keskin kontinental, havoning quruqligi, haroratning o’zgarib turishi, yog’ingarchilik miqdorining kamligi bilan ajralib turadi. Yog’inlarning asosiy qismi (85— 87%) qish va bahorda yog’adi. Maksimal harorat yozda 41-44°, qishda 20-21°. Tuproqlari qumli, taqirsimon, Allyuvial o’tloqi, o’tloqibotqoqi tiplardan iborat. Qo’riqxona hududida o’simliklarning 15 turi: turang’i, qamish, qizilmiya, jiyda, saksovul, Qandim, cherkez, efemerlar, O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan Bobrov astragali, Korolkov shirachi, Qizilqum kovragi o’sadi. Qo’riqxona hayvonot dunyosi boy va xilma-xil. Umurtqali hayvonlarning 359, suv havzalarida baliqlarning 27, suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 2, sudralib yuruvchilarning 28, qushlarning 267 va sut emizuvchilarning 35 turi bor. Buxoro bug’usi (xongul), jayran, barxan mushugi, burgut (O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan), chiyabo’ri, yovvoyi cho’chqa (to’ng’iz), cho’l mushugi, tulki, Amudaryo tustovug’i, kabutar, qora qarg’a, Janub va to’qay bulbullari uchraydi. Buxoro bug’usi alohida muhofaza qilinadi. Qo’riqxonada uning hayvonot va o’simliklar dunyosini saqlash, ko’paytirish, o’rganish bo’yicha ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo’lgan tadqiqot ishlari olib boriladi.