Qiziltasma

Qiziltasma, chumchuqtili, Burgun — torondoshlarga mansub bir yillik begona o’t. Poyasi yotib, ba’zan ko’tarilib o’sadi, bo’yi 25-60 santimetr. Sershox, bo’yi barobar barg bilan qoplangan. Barglari ellipssimon, nashtarsimon, kalta bandli, to’pguli barg qo’ltig’ida joylashgan. Urug’i pishib yetilgandan keyin ham gulqo’rg’oni qo’ng’irqizil o’ralganicha qoladi. Urug’i mayda, qora, uch qirrali. O’q ildizli, tuproqqa 20— 30 santimetrgacha kirib boradi. Qiziltasma barcha lalmikor va sug’oriladigan yerlardagi g’alla, ayniqsa, kuzgi don ekinlari, paxta maydonlarida ko’p uchraydi, tuproq tanlamaydi. Dorivorlik xususiyatiga ega. Kurash choralari: dalalarga ekishdan avval treflan (1-1,5 kg/ga), ekish vaqtida esa kotoran (1— 1,6 kg/ga), kotofor (1 — 1,3 kg/ga) va prometrin (1,3—2,6 kg/ga)ning suvli suspenziyasi sepiladi; makkajo’xori ekiladigan maydonlarda atrazin (1 kg/ga), agelon (0,8 kg/ ga) qo’llanadi.