Qizilo’rda viloyati

Qizilo’rda viloyati – Qozog’iston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 226 ming km2. Aholisi 606,6 ming kishi (2002), asosan, qozoqlar (70%), shuningdek, ruslar (asosan, shaharlarda), koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 63%. Qizilo’rda viloyati 6 ma’muriy tumanga bo’lingan, 3 shahar, 10 shaharcha bor. Markazi — Qizilo’rda shahri. Yirik shaharlari: Qizilo’rda, Aralsk, G’azali. Viloyat Orol dengizidan Sharqda Sirdaryoning quyi oqimida, asosan, Turon pasttekisligida (balandligi 50— 200 metr) joylashgan. Sirdaryoning chap sohilida Qizilqumning qum tepalari; o’ng sohilida qirlar, uncha chuqur bo’lmagan soyliklar bor. Shimolda Kichik bo’rsiq va Orol bo’yi Qoraqumi, chekka Janubi- Sharqda Qoratov tizmasining shimoliy- g’arbiy tarmoqlari (eng baland joyi 1419 metr) joylashgan. Iqlimi keskin kontinental va juda quruq. Iyulning o’rtacha temperaturasi shimoli.-g’arbida 25,9°, Janubi-sharqida 28,2°, yanvarniki shimoli-g’arbida -3,5°, Janubi-sharqida -19,8°. Yillik yog’in 175 mm. Vegetatsiya davri 198 kun. Qizilo’rda viloyati hududiga Orol dengizining shimoliy- Sharqiy yarmi kiradi. Yagona yirik daryosi — Sirdaryo. Sho’r suvli ko’l ko’p. Qumlarda shuvoq-betaga, sho’ra, bahorda esa efemer o’simliklar; pastliklarda astragal, juzg’un o’sadi. Oq saksovul, yulg’un, teresken, biyur-g’un, shuvoq qumlarni shamolda uchishiga yo’l qo’ymaydi. Sirdaryo qayirida allyuvial-o’tloq, sho’rlangan tuproqlarda o’tloq o’simliklar, to’qayzor va butazorlar, Delta va qirg’oq bo’ylarida qamishzorlar bor. Cho’lda yirtqichlar va tuyoqli hayvonlar, shuningdek, kemiruvchilar, qushlar uchraydi. Sirdaryo deltasida ondatra iqlimlashtirilgan. Orol dengizi, Sirdaryo va mayda ko’llarda turli baliqlar bor. Borsa kelmas orolida qo’riqxona (sayg’oq, jayran, qulon) mavjud. Qizilo’rda viloyatida qishloq xo’jaligi xom ashyosi va baliqni qayta ishlash bilan bog’-liq oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari bor. Asosan, obikor dehqonchilik va yaylov chorvachiligi rivojlangan. Viloyatda sholikorlik, qo’ychilik, shuningdek, baliqchilik va baliqni qayta ishlash salmoqli o’rin tutadi. Sanoatining asosiy tarmog’i — oziq- ovqat sanoati (baliq, sholi oqlash, araq, pivo zavodlari, go’sht, sut va non, uysozlik kombinatlari, tegirmon). Tsellyuloza-karton kombinati, poyabzal, trikotaj, mebel va tikuvchilik fabrikalari bor. Metallsozlik, kimyo va qurilish materiallari sanoatlari rivojlangan. Deyarli hamma korxonalar Qizilo’rda shahrida. Pichanzor va yaylovlar bor, yem-xashak ekinlari ham ekiladi. Chorvachilikda, asosan, qorako’lchilik (90% Qorako’l qo’ylari), shuningdek, mayin junli qo’ychilik, oz miqdorda go’sht-sut chorvachiligi rivojlangan. Qoramol, qo’y va echki, yilqi, tuya, parranda, cho’chqa boqiladi. Temir yo’l uzunligi 763 kilometr, qattiq qoplamali avtomobil yo’llari uzunligi 1223 kilometr. Pedagogika instituti, tarixiy o’lkashunoslik muzeyi, drama teatri bor.