Qochoqlar va ko’chirilgan shaxslar
Qochoqlar va ko’chirilgan shaxslar — biron-bir ijtimoiy holat (masalan, urush, milliy ozodlik harakati) oqibatida o’zining doimiy yashash joyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan shaxslar. «Qochoqlar» atamasi xalqaro huquqda 1-marta 1914-18 yillardagi 1-jahon urushidan keyin paydo bo’lib, urush davrida dushman bosib olishi xavfi bo’lgan yoki egallab olgan hududlarni tashlab chiqqan, yo bo’lmasa bu hududlardan harbiy, fuqaroviy hukumat farmoyishi asosida jo’natib yuborilgan shaxslarni anglatish uchun ishlatilgan. 1939-45 yillardagi 2-jahon urushi davrida gitlerchilar tomonidan bosib olingan hududlardan turli ishlarda foydalanish uchun millionlab kishilarning boshqa mamlakatlarga majburlab olib ketilishi natijasida ko’chirilgan shaxslar deb atalgan odamlar toifasi vujudga keldi. Urushdan keyin Qochoqlar va ko’chirilgan shaxslar muammosi keskin bo’lib qoldi, chunki ularni tezlik bilan vataniga qaytarish kerak edi. O’tgan asrning 50 — 70 – yillarida Afrikada ham qochoqlar bilan bog’liq masalalar kelib chiqdi. Isroilning Arab mamlakatlariga qarshi agressiyasi (1948-49, 1956, 1967 yillardagi urushlar) tufayli paydo bo’lgan falastinlik qochoqlar masalasi g’oyat keskin tus olib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni bir necha bor chigallashtirdi. Qochoqlar va ko’chirilgan shaxslar muammolari manfaatdor davlatlar o’rtasida maxsus bitimlar tuzish yoki xalqaro hamkorlik natijasida hal etiladi. Qochoqlar masalalari bilan xalqaro qizil Xoch va Qizil yarim oy harakati, BMT doirasida — Qochoqlar ishlari bo’yicha Oliy komissar shug’ullanadi.