Qolip

Qolip — 1) amaliy san’atda — bezak naqshni quyib (terib), bosib yasash uchun ishlatiladigan maxsus shakldagi moslama; andaza. O’yma gulli Qolip ip matoga gul bosishda ishlatiladi; jez quyishda ishlatiladigan yog’och yoki ganch shakl; zargarning ziynat buyumlar yuzasida bezak yaratishda qo’llaydigan gul Qolip, g’isht Qolip — xom g’isht quyadigan yog’och moslama; ganch bezak quyishda, koshin parchinlardan terib tayyorlanadigan bezak. Qolip zargarlik, pichoqchilik, do’ppido’zlik, poyabzalchilik, chitgarlik va boshqalarda ishlatiladi; 2) buyumlarga shakl yoki ishlov berish uchun foydalaniladigan moslama. Metallar va plastmassalardan quyib yoki boshqa materiallar (masalan, yog’och) dan kesib yasaladi. Tayyorlanadigan asbob yoki buyumlar turiga ko’ra shakli va o’lchamlari turlicha bo’ladi. Qozon, g’isht, tish Qoliplari va boshqalar bor; 3) quymachilik korxonalarida plastmassa va metall quyish uchun ishlatiladigan moslama. Undan bir yoki ko’p marta foydalanish mumkin. Qolip kvars qumi, bentonit, loy, metall va boshqalardan tayyorlanadi.