Qo’miq tili

Qo’miq tili — turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub til; Rossiya Federatsiyasining Dog’iston, qisman Checheniston, Ingushiya, Shimoliy Osetiya respublikalarida tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 282 ming kishidan ortiq (o’tgan asrning oxirlari). Qo’miq tilida asosan 3 ta: Bo’ynoq, qaytaq, Xasavyurt lahjalari farqlanadi. Ularda fonetik va morfologik tafovutlar mavjud. Qo’miq tili qipchoq guruhiga mansub bo’lsada, unda o’g’uz tillariga xos belgilar ham kuzatiladi. Adabiy Qo’miq tili 20-asr boshlarida xasavyurt va Bo’ynoq lahjalari asosida shakllangan (uning og’zaki so’zlashuv shakli qadimdan mavjud). Yozuvi 17-asr o’rtalaridan 1928 yilgacha Arab grafikasi, 1929-38 yillarda lotin grafikasi asosida bo’lib, 1939 yildan rus grafikasi asosidagi yozuvga o’tilgan. Qo’miq tilida gazeta, jurnallar chop etiladi, ko’plab ijtimoiy-siyosiy va badiiy adabiyot, boshlang’ich va o’rta maktablar uchun darsliklar nashr qilinmoqda.