Qon ivishi

Qon ivishi — suyuq qonning yumshoq quyqum (laxta)ga aylanishi; odam va hayvon organizmining qon yo’qotishga qarshi fiziologik himoya reaktsiyasi. Qon tomir zararlanib, qon oqqanda qon plazmasida erigan fibrinogen oqsilning erimaydigan fibrin holiga aylanishi va bu tolalar qonning shaklli elementlari (trom-bositlar) bilan o’ralashib quyqum hosil bo’lishi natijasida vujudga keladi va u tomirning shikastlangan joyini to’sib qo’yadi. Qon ivishi murakkab fermentativ jarayon bo’lib, u bosqichma-bosqich (3 fazada) kechadi. Qon ivishi qon ivishi faktorlari (Q.I.F.) — qon plazmasining qator oqsillari va Sa2+ ionlari ishtiroki- da amalga oshadi. Asosiy Q.I.F. 13 ta bo’lib, ular Rim raqamlari bilan belgilanadi. Bu faktorlarning bir nechtasi qonning shaklli elementlari tarkibida bo’ladi. Qon ivishining asosiy reaktsiyalari quyidagilar: faol tromboplastin hosil bo’lishi; protrombin trombinga aylanishi; fibrinogen fibringa aylanishi; fibrinning stabilizatsiyasi. Normada odam qoni tomirdan chiqqach, 5-12 minutda iviydi. Ayrim patologik holatlarda Qon ivishi sekinlashishi yoki tezlashishi mumkin, bu trombozlarga olib keladi. Tibbiyotda qon ivishini susaytiruvchi (antikoagulyantlar), kuchaytiruvchi va barqarorlashtiruvchi vositalardan keng foydalaniladi.