Qor chizig’i

Qor chizig’i, qor chegarasi — qorlarning tog’larda erimay qoladigan va firnga aylangan quyi chegarasi. Qor chizig’i balandligi joyning geografik kengligi, havo harakati, iqlim. Yog’in miqdori, joyning orografiyasi va yon bag’ir ekspozitsiyasiga bog’liq. Qor chizig’ining balandligi issiq o’lkalardan sovuq o’lkalarga tomon pasayib boradi. Qutbiy o’lkalarda dengiz sathidan boshlanadi, Novaya Zemlya orolida 600 metr, Alp tog’larida 2200-3100 metr, O’zbekistondagi tog’larda 3800-4200 metr, ekvator yaqinidagi tog’larda 5000 metr balandlikda joylashgan. Yevrosiyo materigida iqdim qurg’oqchillashgan sari, ya’ni g’arbdan sharqqa tomon balandlashib boradi. Masalan, Alp tog’larida 2200 metr, Kavkaz tog’larida 3600 metr, Oltoyda 4800 metr va hokazolar. Haqiqiy (yoz oxirida eng baland) va mavsumiy (vaqtincha) Qor chizig’i farq qilinadi. Qor chizig’ida yog’adigan qor miqdori bilan erishi mumkin bo’lgan qor miqdori teng bo’ladi, undan yuqorida esa qor erib ulgurmaydi va to’planib boradi.