Qozoqtov

Qozoqtov — Qizilqumning Janubiy-Sharqiy qismi (Navoiy viloyati) dagi tog’ tizmasi. Shimoli-g’arbdan Janubi- sharqqa 60 kilometrga cho’zilgan. Eng baland joyi 613 metr. G’arbida Qoraxotin botig’i, shimoli, Sharqiy va Janubi qismlarida qumli massivlar bor. Tizmaning suvayirg’ich qismi va yon bag’irlari nurash natijasida vujudga kelgan elyuviy va delyuviy yotqiziqlari bilan qoplangan. Yon bag’irlarini quruq soylar kuchli parchalagan. Soylar etaklarida kichik yoyilma konuslar hosil bo’lgan. Tizma tektonik antiklinal struktura, paleozoy davri slanes, qumtosh, granit, diorit, yon bag’irlarining quyi qismida bo’r, Paleogen davrlari konglomerat, mergel, gillaridan tashkil topgan. Qozoqtov Turon plitasining gersin burmalanishi davrida shakllanib, yer yuzasiga chiqib qolgan va yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan qismidir. Iqlimi keskin kontinental, qishi sovuq, yozi issiq, yog’in kam. Yon bag’irlari va etaklarida sur-qo’ng’ir, qumli tuproqlar tarqalgan. Ularda, asosan, saksovul, shuvoq, Teresken, boyalich va boshqa o’simliklar o’sadi. Hududidan yaylov sifatida foydalaniladi.