Qrim xonligi

Qrim xonligi – Oltin O’rda davlatidan ajralib chiqqan va Qrim yarim orolida joylashgan turkiy davlat (1443— 1783). Qrim xonligiga Davlat Hoji Garay asos solgan. U o’zaro urushlardan so’ng badavlat tabaqalar va Buyuk Litva knyazligi yordamida mustaqil tatar davlatini barpo etgan (1443). Poytaxti — Eski Qrim shahri 16-asr boshlaridan to 1736 yilgacha Bokchasaroy. Bu davlatga quyi Dnepr bo’yi ham kirgan. Aholi quyidagi subetnoslarga bo’lingan: dasht (no’g’ay tatarlari), tog’oldi (tatlar), Janubiy qirg’oq (yaliboylso). Qrimtatar tilida so’zlashgan. Islom dinining sunniy mazhabiga e’tiqod qilishgan. Qrim xonligi aholisining etnik madaniy qiyofasi shakllanishida xazar, qipchoq, no’g’ay va boshqa turkiy xalqlar bilan birgalikda tub joy aholi (tavrlar, kimmeriylar, alanlar va boshqalar) muhim rol o’ynashgan. Qrim xonligini garaylar sulolasi boshqargan. Davlat Hoji Garay vafot etgach (1466), uning o’g’li Mengli Garay davrida Qrim xonligi Usmonli turk sultonligining vassaliga aylangan (1475). Mengli Garay poytax tni Boqchasaroyga ko’chirtirgan. Moskva ulug’ knyazi Ivan III Vasilevich Qrim xonligi bilan Oltin O’rda o’rtasidagi nizolardan foydalanib, Mengli Garay bilan o’zaro ittifoq tuzgan. Mengli Garay qo’shini Polsha-Litva qiroli Kazimir IV mulkiga hujum qilib, uni katta O’rda xoni Ahmadga yordam berishdan chalg’itgan. Keyinchalik Qrim xonligi bilan Rossiya o’rtasidagi munosabatlar yomonlashgan. Qrim xonligi 16-asrda kuchayib, Moskva, tula va boshqa rus shaharlarini bir necha marta qamal qilgan. 1613-50 yillarda 200 mingta rus kishisini asir sifatida Qrimga olib kelgan. 18-asrda Rossiya Qrimni bosib olish uchun Usmonli turklar bilan o’zaro to’qnashgan. Kuchuk-Qaynarja sulh shartnomasiga ko’ra, Qrim xonligi Turkiya vasiyligidan chiqib, Rossiya homiyligiga o’tgan (1774). Shagin Garay xonlik qilgan davrda Qrim xonligi bosib olinib, uning hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilgan (1783). Ad..Safargaliev M.G., Raspad Zolotoy ordi, Saransk, 1960. Qahramon Rajabov, Rinat Shigabdinov.