Qog’ozgul

Qog’ozgul — astradoshlar oilasiga mansub bir va ko’p yillik o’tsimon o’simlik va yarim butalar turkumi; manzarali ekma gul. Shimol va Markaziy Amerikada 15 dan ortiq, Janubiy Amerikada 1 turi o’sadi. Madaniy holda nafis Qog’ozgul turi o’stiriladi. Bo’yi 30-90 santimetr, poyasi tepadan shoxlangan, barglari cho’ziq-tuxumsimon, keng nashtarsimon, poyani o’rab turadi. To’pguli birmuncha dag’al, diametri har xil. Gullarining rangi oq, qizil, sariq, Pushti, novvotrang va hokazolar. May oyidan to sovuq tushguncha gullaydi. Urug’idan ko’paytiriladi. Urug’i bahorda havo isiy boshlagach ochiq erlarga ekiladi. Gulzorlarda, hovli, bog’larda, parklarda manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. O’zbekistonda eng ko’p tarqalgan.